Bobokalonlarimiz merosi — yoshlar nigohida

15:31 13 Fevral 2024 Jamiyat
690 0

Oʻzbek xalqining faxri, iftixori, gʻazaliyot mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy bobomizning 583-yilligi munosabati bilan nafaqat Oʻzbekistonda, balki chet ellarda, xususan turkiy tilli davlatlarda ham turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilayotgani ulugʻ mutafakkir shoirning dunyo adabiyotida alohida oʻrni borligining isbotidir.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Qurolli kuchlar Akademiyasi bilan hamkorlikda “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosi madaniyati hamda oʻzbek davlatchiligida tutgan oʻrni yoshlar nigohida” mavzusidagi ilmiy-amaliy va maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar, talaba va kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

— Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad — yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, buyuk bobokalonlarimiz boy maʼnaviy merosiga yuksak ehtirom koʻrsatish va ulugʻlash hamda ularning adabiyot, sanʼat, madaniyat va kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir. Zero, mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek ulugʻ maqsadga erishish yoʻlida asosiy tayanchimiz boʻlgan azmu shijoatli yoshlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularga barcha sohalarda oʻz iqtidori va salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishidan biridir, — deydi FVV akademiyasi katta oʻqituvchisi,mayor Farhodjon Xoʻjayev.

Tadbirni Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshligʻi general mayor Ravshan Haydarov ochib, bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlodning sogʻlom oʻsishi, sifatli taʼlim olishi va barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, 2024-yil – “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning muhim vazifasi – yoshlarda oʻzlikni anglash tuygʻusini tarbiyalash, ajdodlardan qolgan moddiy va maʼnaviy, milliy adabiy merosning boshqalar oldida nechogʻlik ulkan ahamiyat kasb etishini anglatish, ular bilan faxrlanish va gʻururlanish hissini kuchaytirishdan iborat ekanligini alohida eʼtirof etdi.

Abdulla Qahhorning “Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini oʻtin yorishga sarf qilish kerak emas” degani bejiz emasligi, boy tarixiy merosni bilish va undan ibrat olib yashash yosh avlodning har bir vakilini hayot qiyinchiliklari va turmush mashaqqatlariga chidamli qilib tarbiyalanishini tadbirda soʻzga chiqqanlar taʼkidlab oʻtishdi.

Buyuk bobokalonlarimiz boy maʼnaviy meroslari boʻlgan gʻazal va ruboiylardan namunalar ijro etilgani, mavzu doirasida tayyorlangan badiiy chiqishlari, turli xil sahna koʻrinishlari, videolavhalar namoyishlari hamda yoshlar oʻrtasidagi qiziqarli savol-javoblar ishtirokchilarni yanada ruhlantirib, ularda ijobiy taassurotlar qoldirdi.

Tarixsiz kelajak йўқ... Buyuk mutafakkirlarimiz qoldirgan boy tarixni oʻrganish har birimizning burchimizdir. Mamlakatning ertasi, soʻzsiz, yosh avlodning tarbiyasi va taraqqiyoti bilan bogʻliq.

Manzura MATRASULOVA,

OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti 2-bosqich talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер