BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari bilan uchrashuv boʻldi

15:22 14 Mart 2023 Siyosat
640 0

Foto: Халқ сўзи

2023-yil 13-mart kuni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk bilan uchrashuv boʻldi.

Muloqotlarda F.Tyurk boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari – BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti rahbari Xulan Sedev, ushbu Departamentning inson huquqlari boʻyicha masʼul xodimi Joana Mikel Jelabert, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining Matbuot kotibi oʻrinbosari Jeremi Lorans, Oliy komissar Boshqarmasining media xodimi Entoni Xidli, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Konsuyelo Vidal Bryus, shuningdek, Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy vakili oʻrinbosari Fabio Piana va Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy boʻlinmasi milliy dasturlar muvofiqlashtiruvchisi Guljahon Amanova ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz bordi. Mamlakatimiz BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining samarali va mustaqil faoliyat yuritishini qoʻllab-quvvatlashi, keyingi davrda BMTning mazkur Boshqarmasi bilan oʻzaro hamkorlik amaliy ruhda izchil rivojlanayotgani qayd etildi.

BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud boʻshliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish ochiq-oydin koʻrsatilgani uni amalda tatbiq etishni osonlashtirmoqda.

Mamlakatimiz BMTning ustav va shartnomaviy organlari doirasida inson huquqlari sohasi boʻyicha zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarib kelmoqda. Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi koʻmagida Inson huquqlari boʻyicha kengashning Universal davriy hisoboti mexanizmi doirasida berilgan tavsiyalarning bajarilishi boʻyicha oʻz maʼruzalarini tayyorlash borasida ilgʻor davlatlardan biriga aylangani ham buni tasdiqlaydi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar oʻzaro hamkorligini, milliy maʼruzalar tayyorlanishi, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kengaytirilishini taʼminlovchi davlat organi hisoblanadi. Milliy markaz normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qoʻllash amaliyotiga implementatsiya qilishni taʼminlash boʻyicha takliflar tayyorlab, tegishli tartibda taqdim etib kelmoqda.

Milliy markaz aholining huquqiy savodxonligini oshirishga koʻmaklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu oʻrinda 2022-yil 5-6-dekabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Inson huquqlari sohasida taʼlim” mavzusidagi Global forum BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etilganini taʼkidlash lozim.

Shu munosabat bilan BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari F.Tyurk Global forum ishtirokchilariga yoʻllagan videomurojaatida Oʻzbekiston hukumatining inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya boʻyicha zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish hamda bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali saʼy-harakatlarini yuqori baholagani yana bir bor eʼtirof etildi.

Joriy yil 30-aprelda referendumga qoʻyiladigan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mohiyati va ahamiyati haqida ham fikr almashildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha tavsiyalarini yoʻllagani uchun BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissariga minnatdorlik bildirildi.

Qonun hujjatlarini inson huquqlari nuqtayi nazaridan takomillashtirishda jinoiy jazo koʻzda tutilgan ayrim normalarni imkon qadar kamaytirish yoki yumshatish bu borada kutilgan ijobiy natijalarni berishi qayd etildi. F.Tyurk oʻzi rahbarlik qilayotgan BMT Boshqarmasi ushbu yoʻnalishdagi qonun loyihalarining xalqaro andozalarga qanchalik mosligini oʻrganib, tegishli tavsiyalar berishga hamisha tayyor ekanini maʼlum qildi.

Tomonlar oʻzaro hamkorlik munosabatlarining boshqa sohalarini ham atroflicha muhokama qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер