“BMTning 75 yilligi: kelajakka nazar” nomli onlayn xalqaro forumi boʻlib oʻtdi

09:25 27 Iyun 2020 Siyosat
1936 0

2020-yil 26-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi tomonidan “Oʻzbekiston va BMT: barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida hamkorlik” mavzusidagi “BMTning 75 yilligi: kelajakka nazar” nomli onlayn xalqaro forumi oʻtkazildi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan forumda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilari, masʼul vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, Toshkentdagi diplomatik korpus vakillari, BMT va qator xalqaro tashkilotlar masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga murojaatini oʻqib eshittirdi.

Qayd etilganidek, BMT tuzilgan 1945-yildan buyon oʻtgan davr mobaynida tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish borasida markaziy rol oʻynaydigan tom maʼnodagi universal xalqaro tuzilmaga aylandi. Oʻzbekiston Bosh kotib Antoniu Gutterishning BMTni zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan saʼy-harakatlarini toʻla qoʻllab-quvvatlaydi. Bugungi kunda tashkilot oldida butun insoniyat uchun oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan dolzarb vazifalar turibdi. Bular turli mojarolarni hal qilish, xalqaro terrorizm va ekstrimizmga qarshi kurashish, iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini bartaraf etish, pandemiyalarning tarqalib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash kabi vazifalardir.

Forumda Oʻzbekistonning BMT bilan saʼy-harakatlariga yuqori baho berildi. Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda turli yoʻnalishlarda, xususan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, kambagʻallikni qisqartirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirilib kelinayotgani taʼkidlandi.
 

Shu bilan birga, tadbirda BMT Bosh kotibi mazkur tashkilotning 75 yilligiga bagʻishlab yoʻllagan tabrigi ham tinglandi.

Bundan 75 yil oldin BMT Nizomining qabul qilinishi jahonda oʻrnatilgan hozirgi tartibga mustahkam asos boʻlgani, tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari sohalaridagi global muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlikning ilgʻor tamoyillarini belgilab bergani qayd etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qatʼiy sodiqligi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari BRM bilan toʻliq mos kelishi taʼkidlandi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva nutq soʻzladi. Birlashgan millatlar tashkiloti Nizomini qabul qilingan kuni bilan samimiy tabriklab, BMT bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish muhimligiga urgʻu berdi.

– Oʻzbekistonda BMT tomonidan tasdiqlangan Barqaror rivojlanish sohasidagi 17 maqsadlarni bajarish uchun 169 ta vazifa va 206 ta milliy indikator belgilangan, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Ular Oʻzbekiston Respublikasining taraqqiyot strategiyalari va dasturlarining 84 foizini qamrab olgan va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar hamda qonunlarni shakllantirishda asosiy mezon boʻlib kelmoqda. Milliy maqsad va vazifalarni amalda muvaffaqiyatli tatbiq etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan. Hukumat tomonidan qabul qilingan tegishli “yoʻl xaritasi” hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishi”ni nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi tuzildi. Uning asosiy vazifalaridan biri – Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ijro hokimiyati faoliyatining samaradorligini oshirish, ushbu maqsadlar har bir hududda bajarilishini taʼminlashdan iborat. Bu yoʻlda Parlament komissiyasi Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi, nazorat qiladi va unga koʻmaklashadi. Bugungi kunga kelib Parlamentimiz barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi hamma vazifalarni bajarilishini taʼminlashga qattiq kirishgan.

Barqaror rivojlanish sohasida milliy maqsad va vazifalar doirasida belgilab olgan rejalarimizni BMT va uning barcha ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikda ogʻishmay amalga oshiramiz, deb oʻz ishonchimni bildiraman. Sababi, mamlakatimiz aholisi BMT faoliyatiga katta qiziqish bildirib, Tashkilotning Bosh kotibi janob Antoniu Geterrish har bir tashabbusiga katta eʼtibor bilan yondashadi.

Shuningdek, onlayn forumda BMT Bosh kotibi tomonidan eʼlon qilingan “Kelajagimizni birga quramiz” shiori ostida oʻtkazilayotgan soʻrovnomada aholimiz faol ishtirok etib, dunyo mamlakatlari miqyosida 3-oʻrinni egallagani ham alohida eʼtirof etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер