BMT global oziq-ovqat tanqisiligidan ogohlantirdi
Agar shoshilinch choralar koʻrilmasa, koronavirus pandemiyasining oqibatlari sabab dunyo global oziq-ovqat falokati bilan toʻqnashishi mumkin.
Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterreshning tahliliy xatida maʼlum qilindi.
Uning soʻzlariga koʻra, dunyoning eng nochor hayot kechiruvchi qatlami hayotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Yangi global retsessiya hamda koronavirus cheklovlari tufayli mavjud oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalari faoliyati toʻxtab qoldi.
“Bu ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Agar zudlik bilan choralar koʻrilmasa, hozirgi vaziyat global oziq-ovqat halokatiga aylanishi ehtimoldan xoli emas”, deb yozadi Guterresh.
Qayd etilishicha, dunyoning koʻplab mamlakatlarida allaqachon oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kelgan.
“Pandemiyadan oldin ham yuz millionlab odamlar ochlik hamda toʻyib ovqatlanmaslikdan aziyat chekishayotgan edi”, deb taʼkidlaydi BMT Bosh kotibi.
Ushbu global masalaning yechimi sifatida bir qator tavsiyalar bergan Guterrish davlatlar oziq-ovqat sohasi ishchilarini munosib tarzda himoya qilishlari, insonparvarlik yordami doirasida berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining jamiyatning eng zaif qatlamlariga hech qanday toʻsiqlarsiz yetib borishiga ishonch hosil qilishlari kerakligini alohida qayd etdi.
Shuningdek, savdo koridorlarini ochiq tutish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish zanjirining uzluksiz boʻlishini taʼminlash kerakligini qoʻshimcha qildi.
Bundan tashqari, “ochlik va toʻyib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotganlarning qayerda va qanday yordamga muhtojligi haqida” tezkor tarzda xabardor boʻlish uchun maʼlumotlar almashish doirasini kengaytirish lozimligi borasida fikr bildirdi.
“Barcha mamlakatlar yuqori xavfli guruhlar, ayniqsa, yosh bolalar, homilador va emizikli ayollar hamda qariyalarning xavfsiz, toʻyimli oziq-ovqat mahsulotlariga ega boʻlishini taʼminlashi kerak”ligi haqida aytib oʻtgan BMT Bosh kotibi endilikda maktab ovqatidan mahrum boʻlgan bolalarni ham qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
“Hozirda bunday guruhlar soni taxminan 352 million kishini tashkil etadi”, deyiladi hujjatda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring