BMT Bosh kotibi 2021-yilni 1945-yilga oʻxshatdi

13:46 12 Yanvar 2021 Dunyo
2959 0

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning soʻzlariga koʻra, kirib kelgan yil 1945-yilga oʻxshaydi, faqat bu galgi urush xalqaro birdamlik yoʻq ekanligi bilan bogʻliq muammoni koʻrsatib bergan koronavirus pandemiyasiga qarshi kechmoqda. U boy davlatlarni “vaksina millatchiligi”da aybladi. Bu haqda tashkilot birinchi yigʻilishining 75 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan birinchi tadbirda toʻxtalib oʻtildi.

“Biz xuddi 1945-yildagidek davrni boshdan oʻtkazmoqdamiz, — deydi Bosh kotib. — Ertaga esa kibermakondagi terrorchilarga qarshi urush boshlanishi mumkin. Va biz iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq uzoq davom etayotgan kurashda esa hozircha yutqazyapmiz”.

Guterrish hamon xalqaro hamjihatlikka nisbatan ehtiyoj saqlanib qolayotganini taʼkidlagan. U pandemiya aynan shu sohadagi jiddiy muammolarni koʻrsatib qoʻyganiga urgʻu berdi: boy davlatlar oʻz fuqarolari uchun preparatlar sotib olish uchun raqobatga kirishishi ortidan “vaksina millatchiligi” paydo boʻldi. Ayni chogʻda qashshoq davlatlar 2 mln. doza arzon vaksina olishi kerakligi boʻyicha JSSTning COVAX loyihasini qoʻllab-quvvatlagani uchun Buyuk Britaniya hukumatiga alohida minnatdorchilik ham bildirdi.

Bosh kotib “vaksina millatchiligi” haqida birinchi marta gapirayotgani yoʻq. Masalan, oʻtgan yil dekabr oyida ham kambagʻal mamlakatlarda yashaydigan odamlar vaksina qanday tayyorlanayotganini kuzatib borishayotgani, ammo qachonlardir ularning oʻzlarini ham kimdir emlaydimi degan savol bilan yashashayotgani haqida xavotir bilan toʻxtalib oʻtgandi. Oʻz navbatida JSST rahbari Tedros Gebryesus vaksinaga sayyoraning har bir vakili foydalanishi mumkin boʻlgan “global ijtimoiy boylik” sifatida qarash lozimligini taʼkidlagandi.

Guterrish dunyo davlatlari rahbarlarini 2021-yilni pandemiya asoratlaridan qutulishga bagʻishlashga chaqirgandi. Uning fikricha, oʻtgan 2020-yil sinov boʻldi, kasallikning tarqalishi insoniyat hayotini agʻdar-toʻntar qilib yubordi, dunyoda kambagʻallik, notenglik va ochlik darajasi oʻsishda davom etyapti. Shunday ekan, iqlim oʻzgarishi va pandemiya kabi inqirozlarni faqat umumiy saʼy-harakatlar bilan yengib oʻtish mumkin, deya taʼkidlagan u. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер