Bizga nikoh shartnomasi kerakmi?

20:31 09 Mart 2022 Jamiyat
1687 0

Foto: Illustrativ foto

Bir qarashda bu savol biroz nooʻrin va gʻalati eshitiladi. Boisi, milliy mentalitetimizga koʻra, bizda oila - muqaddas va bu borada jahon hamjamiyatida shakllangan anʼanalar erish tuyulishi rost. Ammo bugungi globallashuv davrida, dunyo xalqlari hayot tarzi, manfaatlari oʻzaro integratsiya boʻlayotgan hozirgi davrda bu masalaga beeʼtibor boʻlish ham nooʻrindir.

Nikoh shartnomasi odatda Gʻarbiy Yevropa davlatlari, AQSH, Kanadada ommalashgan. Dastlab Gretsiya va Rimda kelib chiqqan ushbu anʼana erkak va ayol nikoh tuzishidan avval oʻzaro munosabatlari - mulk va meros masalalari haqida kelishuvni rasmiylashtirishni nazarda tutadi.

Mamlakatimizda 1998-yil 1-sentyabrgacha amal qilgan Nikoh va oila kodeksida er-xotin mulkining faqat qonuniy jihati belgilangan edi. Oila mulkining tarkibi esa asosan mebel, kiyim-kechaklardan iborat boʻlgani, yaʼni boʻlinadigan narsa kamligi bois, mulkiy munosabatlarni boshqacha tarzda tartibga solishga zarurat yoʻq deb hisoblangan. Ammo xususiy mulk munosabatlari rivojlanishi bilan er-xotin mulki tarkibi oʻzgardi. Alohida mulki boʻlgan er yoki xotinning oʻz mulkini oʻzi tasarruf etishni xohlashi, tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan yoki uy ishlari bilan band boʻlib, mustaqil daromadga ega boʻlmagan er-xotin manfaatlarini ham hisobga olish zaruratlari nikoh shartnomasining qonunga kiritilishini taqozo etdi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oilaning davlat va jamiyat muhofazasida ekanligi nazarda tutilgan boʻlsa, oila aʼzolarining shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari, nikoh shartnomasiga oid qoidalar Oila kodeksida belgilangan.

Nikoh shartnomasi instituti dastlab 1998-yil 1-sentyabrdan kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksida keltirildi va qonunchilikka kiritildi. Aynan Oila kodeksining VI bobi er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibiga bagʻishlangan.

Nikoh shartnomasi nikohlanuvchi shaxslarning, er va xotinning nikohda boʻlgan davrida va nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvidir (OKning 29-moddasi). Endilikda qonuniy (rasmiy) mulk tartibi bilan birga mulkning shartnomaviy tartibiga ham oʻrin berildi.

Alohida egalik qilish tartibi er-xotinning barcha mulkiga, uning ayrim turlariga, er-xotindan har birining mulkiga nisbatan belgilanishi mumkin. Fuqarolik-huquqiy shartnomalardan biri sifatida nikoh shartnomasi shakli, mazmuni jihatidan Fuqarolik kodeksining bitimlarga qoʻyiladigan umumiy talablariga javob berishi, yozma tarzda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi (OKning 30-moddasi) lozim.

Shartnoma nikoh qayd etilishidan avval yoki qayd etilganidan keyin - istalgan vaqtda tuzilishi mumkin; nikohgacha tuzilgan boʻlsa, nikoh davlat roʻyxatiga olingan kunidan, nikohdagi er-xotin tomonidan tuzilgan boʻlsa, shartnoma notarial tasdiqlangan kundan kuchga kiradi.

Ayrim davlatlar qonunchiligida nikoh shartnomalari mulkiy masalalardan tashqari, er-xotinning kelishuviga koʻra, boshqa shaxsiy huquq va majburiyatlarni ham tartibga solishi belgilangan. Masalan, kim idish-tovoqlarni yuvishi, doʻkonga borishi, oʻzini oilada qanday tutishi, xiyonat qilgan tarafga qanday choralar qoʻllanishi, xullas, shaxsiy munosabatlarga doir masalalar ham shartnomaga kiritilishi mumkin.

Yana shuni aytish kerakki, nikoh shartnomasi tuzish er-xotin yoki nikohlanuvchilarning huquqi boʻlib, ularning erkin va ixtiyoriy kelishuviga asoslanadi. Hech kim uni tuzishga majbur qilinmaydi. Maʼlumki, nikoh davrida qilingan sovgʻalar er yoki xotinning mulki boʻlib, birgalikdagi umumiy mulk tarkibiga kirmaydi. Lekin amaliyotda koʻpincha toʻydagi sovgʻalarni umumiy mulk tarkibiga kiritishda nizo kelib chiqishi sir emas.

Nikoh shartnomasi koʻpincha muddatsiz tuziladi. Maʼlum vaqt oʻtgach yoki istalgan vaqtda er-xotin kelishib, unga oʻzgartirish kiritishlari, uni bekor qilishlari mumkin. Shartnoma shartlari bir tomonlama buzilayotganini yoki tuzilgan paytdagi shartlar butunlay oʻzgarib ketganligini asos qilib, uni sud orqali bekor etishni talab qilish huquqi beriladi.

Nikoh shartnomasining afzalligi shundaki, u mulkiy munosabatlarni tartibga solish orqali oilani mustahkamlaydi, er-xotinni bir-biriga tegishli mulkdan toʻgʻri foydalanish va yaxshi saqlashga, mulkiy majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarishga undaydi.

Bugun yurtimizda, afsuski, oilaviy ajrimlar soni oshib borayotgani achchiq haqiqatdir. Mana shunday ajrimlarda sud orqali mulkni boʻlishishdek koʻngilsiz tortishuvlarni boshidan kechirganlar nikoh shartnomasi zarurligini tasdiqlamoqdalar. Bundan ayon boʻladiki, jamiyatimiz uchun nikoh shartnomasi institutini keng tatbiq qilish ayni zarurat. Zotan, nikoh shartnomasi er va xotinning oila oldidagi qonuniy burchi hamda masʼuliyatini eslatib turadi. Er-xotin oʻzaro burch va masʼuliyatni unutmasa, bu oila ajrim yoqasiga kelmaydi.

Akmal ROZIQOV,

Fuqarolik ishlari boʻyicha Rishton tumanlararo sudi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер