Bizga nega isteʼmol madaniyati yetishmaydi?
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bu dunyoda hammamiz isteʼmolchimiz. Boisi jamiyat hayotida faol ishtirok etarkanmiz, oʻz-oʻzidan turli jarayonlarda bevosita qatnashishga toʻgʻri keladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida talab va taklif hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu isteʼmolchilik madaniyati nechogʻli shakllangani bilan ham bevosita bogʻliq. Afsuski, biz aksariyat hollarda isteʼmolchi sifatida mahsulotning sifatiga emas, arzonligiga qiziqamiz. Orzuyimizni amalga oshirish uchun qonuniy yechim izlashdan koʻra, aylanma yoʻllar orqali ish bitirishga harakat qilamiz. Keyin pand berib, aldab ketishganida jabrdiyda sifatida ayuhannos solishimiz turgan gap.
Xoʻsh, bugun yurtimizda “Xaridor hamisha haq” tamoyili qanday ishlayapti?
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Fargʻona viloyat hududiy birlashmasi va uning quyi tuzilmalari tomonidan isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy bilimi hamda isteʼmol madaniyatini oshirish borasida doimiy ravishda izchil saʼy-harakatlar olib boriladi.
— Birgina joriy yilning oʻtgan davrida murojaatlarni oʻrganish natijalariga koʻra, 900 million soʻmdan ziyod mablagʻlar isteʼmolchilarning foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi, — deydi hududiy birlashma mutaxassisi Gʻayratjon Mamatqulov. — Eʼtiborlisi, murojaatlarning salkam 75 foizi tizim tashkilotlariga toʻgʻridan-toʻgʻri yozma, ogʻzaki va elektron shakllarda kelib tushgani isteʼmol madaniyati yuksalib borayotganidan dalolat.
Aytish joiz, joriy yilning oʻtgan davrida savdo, elektr taʼminoti, kommunal xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish sohalariga oid murojaatlar soni oʻsdi. Xususan, murojaatlarning 34 foizi savdo sohasiga toʻgʻri keladi. Uning salmoqli qismi maishiy texnika buyumlari xaridi hamda ulardagi nuqsonlar bilan bogʻliq.
Zamonaviy taraqqiyot mezonlari asosida tizimda “Isteʼmolchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari tashkil etilgan. Shu yilning oʻtgan vaqtida ushbu yoʻnalishda 200 nafarga yaqin hamyurtlarimizga kommunal xoʻjaligi, savdo, gaz, elektr, suv taʼminoti, sogʻliqni saqlash, transport, aloqa va boshqa masalalarda bepul huquqiy maslahat hamda yordam berildi. Yuzma-yuz muloqotlar davomida 160 nafar hamyurtlarimizga turli masalalarda muammolarini hal qilish uchun amaliy yordam koʻrsatildi.
Tahlillarga qaraganda, viloyatda umumiy ovqatlanish, tibbiy, maishiy xizmatlarni koʻrsatish obyektlarida amaldagi qonunchilik talablarining toʻlaqonli ijrosi toʻliq taʼminlanmayapti. Bu borada isteʼmolchilarning maʼlumot olish huquqi toʻliq taʼminlanmasligi natijasida turli kelishmovchiliklar kelib chiqadi.
— Aksariyat savdo nuqtalari va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida narxnomalar koʻrsatilmaydi, — Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi Shamsiddin Qoraboyev. — Bunday maʼlumotlarni surishtirishni boshlasangiz, tezda muomala oʻzgaradi, qayerda ishlashingizni surishtirishga oʻtishadi.
Koʻpincha ovqatlanib boʻlgach, naqd pul toʻlaganda xarid chekini olib kelishni soʻrang, chek bermaslik uchun ularda turli bahonalar tayyor. Eng muhimi, mijozga xizmat koʻrsatuvchi xodimlarda muomala madaniyati yetishmaydi.
— Umumiy ovqatlanish shoxobchalarida mijozga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar qoʻnimsizligi eng ogʻriqli muammo, — deydi tadbirkor Mirzajon Yusupov. — Boisi ish soʻrab kelgan bir yoshni ikki-uch oy ishga oʻrgatasiz, u salat tayyorlash, umumiy zalga xizmat koʻrsatish boʻyicha yetarli tajribaga ega boʻlgach, istagan paytda raqobatchi oshxonaga ishga oʻtib ketaveradi.
Bunday sharoitda ish beruvchining tomoshabin boʻlib qolishdan boshqa chorasi yoʻq. Shu sababli umumiy ovqatlanish shoxobchalarida koʻp hollarda oshpazlar, ofitsiantlar tinimsiz ravishda almashaveradi. Chunki ushbu tizimda ish haqini “konvert” usulida toʻlash holatlari ham yetarlicha topiladi. Tabiiyki, bu kabi boshboshdoqliklar oqibatida eng koʻp zararni sifatli va malakali xizmatdan mosuvo boʻladigan isteʼmolchi koʻradi.
Margʻilon shahrida yashovchi Adham Umarov yangi uyini shifer qilish uchun ikki nafar usta yolladi. Xizmat haqini toʻlagach, ustalar kelishilganidan 1,5 million soʻm ortiqcha xizmat haqi olib ketishganini bilib qoldi. Hech qanday yozma kelishuv boʻlmagani sababli ustalar pulni qaytarishni paysalga solib yuraverdi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Margʻilon tumanlararo sudida Margʻilon shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining ushbu fuqaro manfaatini koʻzlab kiritgan arizasi koʻrib chiqildi. Natijada javobgardan daʼvogar foydasiga yetkazilgan zarar miqdoridagi pul mablagʻi undirib berildi. Oʻz navbatida, javobgardan sud xarajati uchun 34 ming soʻm, davlat boji uchun 340 ming soʻm undirish boʻyicha sudning hal qiluv qarori chiqarildi.
Isteʼmolchilik madaniyati borasida gap ketganda, amaliyotda koʻp uchraydigan yana bir holatga eʼtibor qaratish lozim. Odatda, biz oʻzimizga sotilgan mahsulotda nuqsoni borligi aniqlanganda almashtirib olish, bepul taʼmirlatish jarayonlarida turli muammolarga duch kelamiz. Bunga asosiy sabab esa sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchiga oʻz qonuniy eʼtiroz hamda talabimizni ogʻzaki shaklda bildiramiz.
Vaholanki, dunyoning rivojlangan aksariyat davlatlarida urf boʻlgan kabi bizda ham ushbu eʼtiroznomalarni yozma shaklda berish malakasi shakllanishi zarur. Isteʼmolchi har qanday sharoitda oʻz huquqi va manfaatini himoya qilishida bu birinchi qadam hisoblanadi.
Isteʼmol madaniyati toʻgʻri shakllanishida xizmat koʻrsatuvchi ham, xaridor ham birdek masʼul ekanligini unutmaslik kerak. Aks holda bu shirin orzu boʻlib qolaveradi. Biz bir-birimizni aldash, pand berishda davom etaveramiz.
Bunday holatda zoʻravon ham, jabrdiyda ham oʻzimiz emasmi?!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring