Birlashgan Arab Amirliklarining yirik tibbiy kompaniyasi Oʻzbekiston bilan hamkorlikka intilmoqda

21:52 26 Fevral 2023 Siyosat
1092 0

Mamlakatimizning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi vakillari “Burjeel holdings” kompaniyasi taklifiga binoan, Abu Dabi shahridagi “Burjeel medical city” majmuasida boʻlishib, ikki tomonlama muzokaralar olib borishdi.

Majmuadagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan onkologiya, pediatriya, fizioterapiya va boshqa boʻlimlarga uyushtirilgan tanishtiruvdan soʻng xoldingning bosh korporativ direktori Hamad Ahmad Al Xosaniy kompaniyaning kelgusidagi rejalari va Markaziy Osiyo bozoriga kirishga boʻlgan intilishlari haqidagi fikrlarini oʻrtoqlashdi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida qulay joylashuvi, tarixan tabobat rivojlangan hudud boʻlganligi, qoʻshni davlatlarning tibbiy sohada Oʻzbekistonga intilishi hamda soʻnggi yillarda kuzatilayotgan ochiqlik siyosati xolding kuzatuv kengashi tomonidan Oʻzbekiston bozorini chuqurroq oʻrganish yuzasidan qaror qabul qilingani bildirildi.

Jumladan, BAA tomoni amalda faoliyat yuritayotgan xususiy shifoxonalar boshqaruviga sheriklik asosida kirish orqali mavjud quvvatlarni oshirish, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash, xoldingning boshqaruv tizimini va raqamlashtirish tizimlarini joriy qilish hamda xolding shifoxonalarida mahalliy xodimlarning malakasini oshirish yuzasidan manfaatdorlik bildirildi. Shuningdek, oʻz biznes imkoniyatlarini kengaytirish, xolding faoliyatini mintaqada targʻib qilish hamda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun tibbiy turizm xizmatlarini koʻrsatish maqsadida Toshkent shahrida vakolatxona ochish boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatish soʻraldi.

Yuqoridagilar hisobga olingan holda, mamlakatimiz vakillari tomonidan soʻnggi yillar davomida tibbiyot jabhasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohani rivojlantirish yoʻlidagi ustuvor maqsad va rejalar haqidagi atroflicha maʼlumotlar bayon etilgani barobarida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari yuzasidan qator takliflar ham bildirildi.

Uchrashuv soʻnggida joriy yil mart-aprel oylarida BAAdan ishchi guruhning Oʻzbekistonga amaliy safarini uyushtirish, shu tariqa tibbiyot sohasidagi oʻzgarishlar va ehtiyojlarni oʻrganish hamda istiqbolli loyihalar bilan joyida tanishish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, shifoxonalar va dorixonalar tarmogʻini oʻz ichiga olgan “Burjeel holdings” yarim davlat kompaniyasi hisoblanadi. Hozirgi paytda kompaniya BAA, Saudiya Arabistoni, Ummon, Yaman va Hindistonda 15 mingdan ortiq xodimlariga, “Burjeel Hospitals”, “Medeor Hospital”, “LLH Hospital”, “Lifecare Hospital” va “Tajmeel” brendlari ostidagi 39 ta shifoxona va 125 ta tibbiyot markazlariga ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер