Birinchi boʻlib arab tilida kim yozgan?
Arab tili barcha tillarning toji hisoblanadi. Chunki bashariyatni hidoyatga boshlovchi kitob aynan arab tilida nozil boʻlgan. Bundan tashqari, paygʻambarlar sayyidi Muhammad alayhissalom ham arab millatiga mansub boʻlganlar.
Birinchi boʻlib arab tilida kim yozgan degan savolga javob izlaydigan boʻlsak, bu borada kelgan rivoyatlar xilma-xilligini koʻrishimiz mumkin.
Kaʼbul Ahbor roziyallohu anhudan rivoyat qilingan xabarda bu haqda shunday deyilgan:
“Ibriy, siryoniy va boshqa barcha tillarda birinchi boʻlib yozgan kishi bu Odam alayhissalomdir. U kishi bu yozuvlarni vafotlaridan 300-yil oldin loyga yozib, keyin loyni olovda pishirgan. Nuh alayhissalom davrida Yer yuzini suv bosganda, oʻsha yozuvlar qolgan va tirik qolgan qavmlarga nasib qilgan. Keyin ular oʻziga nasib qilgan yozuvda yoza boshlagan. Arab tili esa oʻsha paytda hech kimga nasib qilmagan. Alloh Ismoil alayhissalom arab tili ila xoslagan va u kishi oʻsha Odam alayhissalomning yozib qoldirgan yozuvlaridan nasibador boʻlib, arab tilini oʻrgandilar”.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda esa Arab tilining asoschisi haqida shunday deyilgan: “Arab yozuvini birinchi boʻlib joriy qilgan odam bu Ismoil alayhissalomdir. U kishi arab tilini oʻz tili va oʻz nutqida joriy qildi”.
Abdulloh ibn Amr va Urva ibn Zubayr roziyallohu anhumlar esa arab tiliga bir kishi emas, bir necha kishi asos solganini aytishgan
“Arab xatini birinchi boʻlib Adnon ibn Ad ibn Adad qabilasiga kelib tushgan ilgarigi qabila vakillari kashf qilishgan. Ularning ismi: Abjad, Huz, Hutti, Kalman, Saʼfas va Qarshat boʻlgan”.
Doktor Abdulloh esa oʻzining “Arab tilida birinchi boʻlib yozgan odam” nomli maqolasida arab tilini Anbor qabilasidan boʻlgan Miror ibn Murra va Aslam ibn Durralar birinchi boʻlib yozishgan degan rivoyatni haqiqatga yaqinroq deb bilgan.
Baʼzilar Idris alayhissalomni arab tilida yozgan birinchi paygʻambar deyishadi. Aslida esa, Idris alayhissalomni arab tilida birinchi yozgan odam emas, qalam bilan birinchi yozgan odam hisoblanadilar. U kishi paygʻambar qilib yuborilgan xalq 72 tilda gaplashar edi. Idris alayhissalom ularning har biriga oʻz tilida dinni yetkazganlar, yaʼni 72 ta tilni puxta bilganlar. Zero, Alloh Qurʼonda: “Biz har bir paygʻambarni (hukmlarimizni) bayon qilib berishi uchun oʻz qavmining tili bilan (soʻzlaydigan qilib) yubordik”, deb marhamat qilgan. (Ibrohim surasi 4).
Rivoyatlarni oʻrganib chiqib shuni aytish mumkinki, arab tilida birinchi boʻlib yozgan odam falonchi deb qatʼiy aytib boʻlmaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring