Bir zamin farzandlari
Illyustrativ foto
Ijtimoiy tarmoqlarda Janubiy Amerika mamlakatlaridan birida koronavirus pandemiyasi tufayli ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan qavm tashvishi yoritilibdi. Ishsiz, daromad va yegulik hech vaqosi yoʻq kishilar xonadonlarining tepasiga qizil mato bogʻlangan.
Bu belgi oilaning och ekanligini bildirar ekan. Afsuski, bunday xonadonlar deyarli har bir qadamda uchrardi... Sinovli kunlarda bu mamlakatda odamlar “SOS” bayrogʻini koʻtarishga majbur boʻlibdi.
Koronavirus insoniyatni tarixning murakkab sinovidan oʻtkazmoqda. Bir qator mamlakatlarda virus tahlikasi bilan birga kishilarga ochlik, yoʻqchillik balosi ham azob bermoqda. Kechagina ogʻiz-burun oʻpishgan Yevroittifoq ham dastlabki kunlarda shoshib qoldi. Ogʻir ahvolga tushib qolgan mamlakatlar yordam soʻray boshladi. Mamlakatimiz shu kunga qadar dunyoning koronavirusdan aziyat chekayotgan 10 ga yaqin mamlakatiga gumanitar yordam koʻrsatdi. Shular barobarida hududimizda kasallik yoyilishi jilovlanmoqda.
Karantin davom etayotgan shu kecha-kunduzda kuchli dovul va yomgʻir Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yurtdoshlarimizni yana bir sinovdan oʻtkazdi. Sardoba suv omborining oʻpirilishi natijasida koʻplab qishloqlarning suv ostida qolgani, hududdan 70 ming nafar kishining evakuatsiya qilingani xalqimiz tomonidan yelka tutib qabul qilindi.
— Sirdaryoliklar uchun “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati loyihasi doirasida Qiziltepa tumanida istiqomat qilayotgan 500 nafarga yaqin koʻngilli fuqarolar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, uy-roʻzgʻor jihozlari hamda kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshaklar taqdim etildi, — deydi tuman bosh imom-xatibi Zavqiddin Oripov. — Ushbu koʻmak talafot koʻrgan sirdaryolik vatandoshlar uchun viloyat shtabiga birinchi xayriya karvoni sifatida yuborildi.
Birdamlik, hamjihatlik kabi tarix sinovlaridan oʻtgan asriy qadriyatlar yana boʻy koʻrsatib, bugun tabiiy ofatlar oqibatini tezroq bartaraf etish choralari koʻrilmoqda. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan yurtdoshlarimiz, mehnat jamoalari yordam qoʻlini choʻzishmoqda.
Bunday xayrli ishlarda Navoiy kon-metallurgiya kombinati ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv omboridagi toshqin oqibatlarini bartaraf etish maqsadida NKMK birinchilardan boʻlib yordam qoʻlini choʻzdi.
— Toshqin boʻlgan suv omboriga kombinatning maxsus va qudratli texnikalari joʻnatildi, — deydi NKMK bosh direktori matbuot kotibi Abdumajid Joʻrayev. — Ayni paytda korxonaga tegishli 42 ta avtosamosval, yoʻl qurilishi, yuklash, tushirish va boshqa maxsus texnikalar ofatni bartaraf etish ishlariga toʻla safarbar etildi.
Sirdaryoliklarga koʻmakka borgan ishchi-xodimlar, muhandis va mutaxassislar uchun kombinat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Yana shuni alohida taʼkidlash kerakki, sirdaryoliklarga moddiy yordam koʻrsatish maqsadida kombinat ishchi-xodimlari oʻz shaxsiy jamgʻarmalaridan 10 million soʻmdan ortiq mablagʻ, shuningdek, turli uy-roʻzgʻor buyumlari, badiiy adabiyotlar va oʻquv qurollari bilan moddiy yordam koʻrsatishdi.
Shuningdek, Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlarida yuz bergan tabiiy ofat natijasida ziyon yetgan ijtimoiy obyektlar va aholi uy-joylarini tiklash ishlariga ham kombinat begʻaraz yordam koʻrsatishga qaror qildi. Bugun 3 ming 800 dona shifer, 40 kub metr yogʻoch materiallari, 1 tonna mix yuklangan karvonning dastlabki qismi ushbu hududlarga yetib bordi. Shuningdek, kombinatdan borgan 40 nafar tajribali duradgor va ustalardan iborat guruh ham tiklash ishlarini boshlab yuborishdi.
— Viloyatimizdagi har bir korxona va tashkilot mazkur saxovat ishlariga befarq qarab turgani yoʻq, - deydi “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning Moliya va iqtisod masalalari boʻyicha direktori Bobir Islomov. – Xususan, Buxoro viloyatidagi tabiiy ofat zararlarini yumshatish uchun hodisa sodir boʻlgan kunning oʻzidayoq “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida 20 nafardan ziyod xodimimiz maxsus texnikalar bilan birga yuborildi.
Koʻpning boshiga tushgan tashvish avvalo jamiyatda maʼnaviy muhit sogʻlomligini sinovdan oʻtkazadi.
— Karantinning dastlabki kunlarida qariyb olti ming nafar aholi yashaydigan bizning mahallamizda ham ayrim oilalar avvaliga tahlikaga tushib qoldi, - deydi Navoiy shahridagi “Ishonch” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Muhammad Nurjanov. – Axir 70 oila kunlik daromaddan roʻzgʻor tebratib, taksichilik, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida oshpazlik kabi faoliyat bilan shugʻullanishar edi. Buni qarangki, oʻziga toʻq, oylik daromadini yoʻqotmagan qoʻni-qoʻshnilar bu holatni koʻrib, bir chekkada qarab turishmadi. Mamlakatimiz Prezidentining doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrligi tufayli har bir oilaning aniq manzilli himoyasi taʼminlandi.
Maqolamiz avvalidagi “qizil mato”ga qaytsak. Uni taʼna va malomat uchun keltirganimiz yoʻq. Ahamiyatsizdekkina koʻringan birgina shu voqelik dunyoning koʻplab iqlimlarida oʻrtadan mehr-oqibat koʻtarilganini anglatishi bilan kishining qalbini titratadi. Zero, dunyoning qaysi burchida boʻlmasin, yuzaga kelgan muammo, albatta barcha hududlarda oʻz taʼsiri koʻrsatadi. Boisi Yer yuzi aholisi bir quyoshdan bahra, bir osmondan nafas olgan bir zamin farzandlaridir.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring