Bir tomchisi ham inson hayotini saqlab qolishi mumkin
Qon inson uchun shu qadar buyuk neʼmatki, uning oʻrnini hech narsa bosa olmaydi. Tashvishlanarlisi, uni sunʼiy ravishda ishlab chiqarishning ham imkoni yoʻq. Qon zaxirasini taʼminlashning yagona yoʻli sogʻlom kishilar hisoblanadi. Donorlik orqali minglab ogʻir bemorlarning hayoti saqlab qolinishini inobatga oladigan boʻlsak, bu eng ulugʻ amallardan biridir. Yoshlar ishlari Agentligining Andijon viloyati boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining Andijon viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Men donorman” xayriya aksiyasida ham 500 nafardan ziyod koʻngillilar ishtirok etdilar.
— Oʻn yildirki, huquqni muhofaza qilish sohasida xizmat qilaman, — deydi donor Asrorjon Kuramov. —Faoliyatim davomida shunday bemorlarni koʻrganmanki, bir tomchi ularning hayotini asrab qoluvchi asosiy omil hisoblanadi. Shu bois donor sifatida oʻzgalarga amaliy koʻrsatishni insoniylik burchim, deb bilaman.
Donor qoni murakkab jarrohlik amaliyotlarida, patologik tugʻruq jarayonlarida, jigar va onkologik kasalliklarda, oʻtkir qon ketishida, ogʻir tan jarohatlarida, kamqonlikda, oq qon, quyish va boshqa koʻpgina holatlarda ishlatiladi. Donor qoni, ayniqsa, favqulodda vaziyatlarda, rejali jarrohlik amaliyotlarida qoʻl keladi. Andijonlik donorlar tomonidan topshirilgan qon esa viloyatdagi bemor bolalar salomatligini asrashga yoʻnaltiriladigan boʻldi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring