“Bir qush rizqi kabi nasibam mening!”
27-avgust – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Kenes Karimov tavallud topgan kun
Qoraqalpoq va oʻzbek kitobxonlarining qalbidan joy olgan ijodkor, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalqimizning ardoqli farzandi Kenes Karimov bugun 75 yoshga toʻldi.
Shonli umr yoʻlni bosib oʻtayotgan shoirning “Vaqt minorasi”, “Unutilgan yarim oy”, “Istiqlol neʼmati”, “Bolalikdagi ertaklar”, “Oroldan keldim” kabi qator sheʼriy toʻplamlari, “Qismat”, “Ulugʻ dasht boʻrilari”, “Zardoʻsht”, “Ogʻabiy” romanlari hamda “Ota yurt” dramasi oʻz oʻquvchilarini topgan.
Adibni tavallud ayyomi bilan qutlab, unga mustahkam tani sihatlik, uzoq umr tilaymiz. Yurak va ruhini ijodiy barkamollik aslo tark etmasin!
UMID
(Allegoriya)
Bir buloq,
Bir daraxt,
Osmon ostida,
Daraxt soyasida turar bir odam.
Buloq oqaverar,
Chayqalar daraxt.
Odam umid qilar
Osmonga qarab:
– Buloq daryo boʻlsa,
Daraxt bogʻ boʻlsa.
Vaqt shamollari esar betinim,
Buloq tindi.
Qaqshadi daraxt.
Odam oʻldi. Umid
oʻlmadi biroq...
FIGURALAR
Kublar,
Romblar,
Ellips,
Uchburchak,
Doira, toʻrtburchak va parallipiped.
Sizlarni yaratgan kimdir,
Bilmadim,
Balki Pifagordir,
Balki Arhimed.
Insoniyat ahlining asrlar boʻyi,
Aqlu xushini ham band etib mudom,
Hech bir shohu gado,
Balki hech kimsa
Shakllarni chetlab oʻta olmagan.
Nigohimiz qayga tikilsin,
mayli,
Toʻsatdan sizlarga tushdi koʻzimiz.
Eshik-derazalar ochildi ana
Har avtoda yalt-yult dangalligimiz.
Inson yaralgangan qiyomat qadar,
Umrimiz bezagan figuralarsiz,
Zamon ummonida, fazo satxida
Balki faqat Sizlar yashab qolarsiz.
HOLAT
Xayollarim tarqoq. Sochlarim toʻzgʻin,
Sahar shamollari toʻzgʻitib oʻtgan.
Kutdim neni, buzilgunacha toqatim?
Hatto oyoqlarim chinorlar kabi
Yerga tomir yoygan. Koʻklarga tekkan,
Boshimga laylaklar uya solishgan.
Nasibamni kechiktirib keltirib
stolimga qoʻydi bir makkor qoʻllar.
Biroq stol sari egilmoqlikka,
Yerga tomir yoygan oyoqlarim ham,
Toʻzgʻigan sochlarim bermaydi imkon.
U ayyor qoʻllardan toʻkilgan oʻsha
Bir qush rizqi kabi nasibam mening!
Toʻydira olarmi, ajab, ruhimni?
ESHIKNING XOSIYATI
Eshikning ortida bizlar bilmagan,
Tilsimli,
Tashvishli,
Oʻzga dunyo bor.
Uni doim pinhon saqlayman, desang
Eshikka suyanma,
Eshik – beqaror.
Magar eshik erki oʻzida emas,
Bilmam, u nelarga sodiq boʻladi.
Goh yopmoqchi boʻlsang,
yopilmaydi hech,
Kerak payti baʼzan
yopiq boʻladi.
O, KUZGI SHAMOLLAR, KUZGI SHAMOLLAR
Har zarra, atomdan axtardim mazmun,
Har fursat, har dam oʻz andishasi bor.
Guvillab esganda quloq tutaman,
Ne deb shivirlaydi kuzgi shamollar?
Koʻkda qanot qoqib uchgan qushlarning
Borar uzilmasdan qator, tizgini.
Oʻkinishmi yo mung, bilolmay qoldim,
Qushlar parvozida neni gizladi?
Olma yaprogʻiga qoʻngan oq qirov,
Sochimdan boʻyogʻin olmishmi magar?
Shamollar, oʻtmishdan solib urho-ur
Keltirdingmi olis yillardan xabar!
Esiz, yoshlik mahzun chayqalgan oq tol,
Sarv boʻyli goʻzal, oʻzi bir dunyo.
Kulgusi quloqqa chalingandayin,
Menga qiyo boqib turganday goʻyo...
Qoraqalpoqchadan Rahmat Bobojon oʻgirmasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring