«Bir makon, bir yo‘l» — xalqaro hamkorlikning yangi modeli

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Xitoyning Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi bilan birgalikda “O‘zbekiston va Xitoy: “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda O‘zbekiston hamda Xitoy tadqiqot markazlari, chet davlatlar diplomatik missiyalari rahbarlari va yurtimiz davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik aloqalarini, shu jumladan, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdi.
“Bir makon, bir yo‘l” — Xitoyning xalqaro tashabbusi bo‘lib, u Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrika mintaqasida joylashgan 60 dan ortiq mamlakatlarni o‘zaro bog‘lovchi mavjud iqtisodiy yo‘laklarni yanada takomillashtirish hamda yangi transport va savdo yo‘llarini yaratishga qaratilgan. Ushbu hududdagi davlatlar jahon yalpi ichki mahsulotining 55 foizini, global energiya zaxiralarining 75 foizini o‘zida jamlagan.
Konferensiyada O‘zbekiston boy tabiiy, ishlab chiqarish hamda inson resurslari to‘plangan mintaqada transport, savdo, investitsiya, energetika va yuqori texnologiyalar sohasida yirik loyihalar amalga oshirilishi tarafdori ekanligi ta’kidlandi. O‘zbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti, qulay jug‘rofiy joylashuvi, zamonaviy transport kommunikatsiyalari, sarmoya jalb etish bo‘yicha puxta hamda ishonchli strategiyasi ko‘plab davlatlar ishbilarmonlarining hamkorlikka qiziqishini oshirmoqda.
Toshkent Markaziy Osiyo mintaqasini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olgan holda faol tashqi siyosat olib bormoqda. Mintaqada mutlaqo yangicha muhit qaror topdi, hamkorlikning turli jabhalarida tarixiy natijalarga erishildi: chegaralar ochilmoqda, ko‘plab sohalarda, jumladan, transport kommunikatsiyalarini keng rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilayapti. Markaziy Osiyoning besh davlati mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida barcha sa’y-harakatini birlashtirmoqda. Shu ma’noda aytganda, Toshkent Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bilan uyg‘un ravishda qadam tashlayapti.
Bundan bir yil muqaddam Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumida mazkur tashabbus har bir davlatning o‘z imkoniyatlaridan to‘la foydalanish, iqtisodiy jihatdan bir-birini to‘ldirish, savdo hamda investitsiyalarni rag‘batlantirish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun keng yo‘l ochishini qayd etdi. Loyihaning ro‘yobga chiqarilishi dunyo tamaddunida Markaziy Osiyoning tarixiy mavqeini qayta tiklashga zamin yaratadi.
Ekspertlar transport-kommunikatsiya, savdo, iqtisodiyot, turizm, ilm-fan sohalarida O‘zbekiston — Xitoy hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollarini muhokama qildi. Mintaqaviy hamkorlik hamda xavfsizlikni mustahkamlashdagi dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi. Ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi. Jumladan, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi o‘rtasida savdo, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda tadqiqotlar olib borish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Shuningdek, Toshkent sharqshunoslik instituti qoshida “Bir makon, bir yo‘l” tahliliy markazini tashkil etish taklif qilindi.
So‘z — konferensiya ishtirokchilariga
YUY Sinxue, Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi partiya qo‘mitasi kotibi:
— O‘tgan yili o‘zbekistonlik hamkasblarimiz Shanxay global tadqiqot markazlari forumida ishtirok etgan edi. Biz “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini ilgari surishning amaliy natijalarini muhokama qildik. Mazkur tashabbusni xalqaro miqyosda birgalikda targ‘ib etish maqsadida intellektual salohiyatni birlashtirishga qaror qilganmiz.
Roppa-rosa bir yil avval Pekinda “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Xitoyga bordi. Mamlakat rahbarlari siyosiy, iqtisodiy va moliya sohalarida muhim kelishuvlarga erishgan edi. Umumiy qiymati 26 milliard AQSh dollariga teng hujjatlar imzolandi.
O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar bugun o‘z natijasini bermoqda. Biz O‘zbekiston kelajagiga katta ishonch bilan qarayapmiz. Mamlakatingiz eng jadal rivojlanayotgan o‘nta mamlakat qatoridan joy oldi. Bu hayratlanarli natija. Davlatlarimizning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi hamkorligi taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
SZYAN Yan, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
— Joriy yilda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi e’lon qilinganiga besh yil to‘ldi. Bugungi kunga kelib uning hayotga tatbiq etilishi bo‘yicha muhim natijalarga erishildi. Mazkur loyihaga dunyoning 100 dan ortiq davlat hamda xalqaro tashkilotlari jalb qilingan. Xitoy 69 ta mamlakat bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar imzolagan. Xitoyning ushbu tashabbusi nafaqat davr talabiga, balki barcha mamlakatlar manfaatlariga javob beradi. O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. 2017 yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvida faoliyatning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgandi. Ikki tomonlama hamkorlik jadal sur’atlarda kengaymoqda. Eng muhimi, bunday ezgu sa’y-harakatlar samarasini xalqlarimiz his etmoqda.
YAN Bo, Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti Rossiya va Markaziy Osiyoni tadqiq qilish markazi direktori o‘rinbosari:
— Markaziy Osiyo hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim mintaqa hisoblanadi. U Xitoyni Yevropa, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bilan bog‘laydi. O‘zbekiston mintaqaning yuragida joylashgan. Mamlakatingiz hududidan Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan. Bu barchamiz uchun mushtarak tarix. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Xitoydagi Ipak yo‘li jamg‘armasi hamda boshqa moliya institutlari ko‘magida transport sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayapti.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kechayotgan islohotlarga hamohang ravishda ikki tomonlama munosabatlarimiz jadal rivojlanib borayapti, yangicha mazmun bilan boyimoqda. Joriy yil kuzida Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetida ilk marta “o‘zbek tili” mutaxassisligi bo‘yicha talabalarni qabul qilish boshlanadi. Bu yoshlarimizga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Qobil XIDIROV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring