Bir isroillik zarar koʻrgani uchun Isroil Yamanga dronlar hujumini uyushtirdi

10:36 23 Iyul 2024 Dunyo
331 0

Isroilning uchuvchisiz dronlari Yaman hududiga zarbalar berdi. Sunʼiy yoʻldoshdan olingan suratlarga koʻra, ushbu havo hujumlaridan soʻng Yamanning Xodeyda portidagi neft omborlariga jiddiy zarar yetgan. Bu haqda “Newsweek” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu Isroil tomonidan husiy jangari guruhiga birinchi toʻgʻridan-toʻgʻri zarba hisoblanadi. Yahudiy davlati birinchi hujumidayoq neftni qayta ishlash zavodlari va elektr infratuzilmasini nishonga olgan. “Maxar Technologies” tomonidan taqdim etilgan tasvirlar vayronagarchilik darajasining katta ekanligini koʻrsatmoqda.

Havo hujumi husiylar Tel-Avivdagi uchuvchisiz samolyot hujumi uchun masʼuliyatni oʻz zimmalariga olganidan bir kun oʻtib sodir boʻldi. Unda bir isroillik halok boʻlgan va oʻnga yaqin kishi jarohatlangandi. Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant “Husiylar bizga 200-martadan ortiq hujum qildi. Birinchi marta Isroil fuqarosiga zarar yetkazgani uchun biz ularga zarba berdik”, dedi.

Yoqilgʻi va xalqaro yordam uchun muhim port boʻlgan Xodeydaga hujum Isroilni nishonga olgan Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan guruhlar ishtirokidagi Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni yanada chigallashtirib yuborishi kutilmoqda.

Isroil mudofaa kuchlari portning “husiy rejimi” uchun Eron qurollariga kirish yoʻli boʻlib xizmat qilishini hisobga olgani aytilgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, zarbalar natijasida kamida 80 kishi yaralangan, koʻpchiligi ogʻir kuyish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Hujumlar Xodeyda porti faoliyatini maʼlum vaqtga toʻxtatib qoʻydi. Ammo Yaman rasmiylari port hali ham toʻliq quvvatda ishlayotganini daʼvo qilmoqda. Qayd etish kerakki, husiylarning Tel-Avivga uchirgan bitta droni muvaffaqiyatli tarzda Isroilning “Temir gumbaz” mudofaa tizimini yorib oʻta olgandi.

Avvalroq, Xitoy va Filippin kelishuvga erishgan boʻlishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер