Bir haftada 8,7 mlrd soʻmlik avtoraqamlar sotildi
Oʻtgan hafta davomida, yaʼni 22 – 28-iyun kunlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning barcha savdo platformalarida 1 119,8 mlrd soʻmlik tovarlar sotilgan boʻlib, bu avvalgi haftaga nisbatan 3,8% ga koʻpdir.
Bunda sotuvlarning 87,4% - birja savdolari, 4,8% - koʻrgazma-yarmarka savdolari, 6,8% - elektron davlat xaridlari va 0,9% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga toʻgʻri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 427,0 mlrd soʻmni tashkil qildi, bu esa avvalgi haftaga nisbatan 5,6% ga koʻpdir. Davlat xaridlari tizimlarida oʻtkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 17,0 mlrd soʻmlik mablagʻlari tejaldi.
Koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 1 498 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 8,7 mlrd soʻmni tashkil qildi, bu esa oldingi haftaga nisbatan 19,5% ga koʻpdir. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 5,1% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 17,8% ikkinchi, 24,2% uchinchi, 12,3% toʻrtinchi, 16,9% beshinchi va 23,8% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
Birja savdolari
Koʻrib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 979,1 mlrd soʻmlik tovar resurslari sotildi, bu koʻrsatkich oldingi haftaga nisbatan 4,9% ga koʻpdir. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qoʻyishdi, shu jumladan:
Paxta yogʻi
Oʻtgan haftada birja savdolariga 4 364,0 tonna paxta yogʻi qoʻyildi va ulardan 1 488,0 tonnasi, yaʼni 34,1% sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 73 ta xaridor ishtirok etdi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yogʻining kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 9 319,0 ming soʻmdan 9 106,8 ming soʻmgacha, yaʼni 2,3% ga pasaydi. Hafta yakunlariga koʻra 1-navli paxta yogʻining haftalik kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan 0,8% ga pasayib, mahsulotni bir tonnasi uchun 9 000,5 ming soʻmni tashkil etdi.
Shakar
Hafta davomida birja savdolariga 3 965,0 tonna shakar qoʻyildi va ulardan 252,0 tonnasi, yaʼni 6,3% sotildi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 5 832,1 ming soʻmdan 5 850,0 ming soʻmgacha, yaʼni 0,3% ga koʻtarildi. Oʻtkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi boʻyicha shakllangan oʻrtacha haftalik narxi avvalgi haftaga nisbatan 2,2% ga oʻsib, mahsulotni bir tonnasi uchun 5 841,4 ming soʻmni tashkil etdi.
Benzin
Oʻtgan haftada birja savdolariga 159 199,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qoʻyildi va ulardan 22 117,7 tonnasi, yaʼni 13,9% sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 69 xaridor ishtirok etdi.
Birja savdolarida “Oʻzbekneftegaz” AJ neft bazalari, avtomobil yoqilgʻi quyish shaxobchalari va benzinni oʻz ehtiyojlari uchun xarid qiladigan boshqa yuridik shaxslar ishtirok etishdi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3 731,6 ming soʻmdan 3 968,2 ming soʻmgacha, yaʼni 6,3% ga koʻtarildi.
AI-80 rusumli avtomobil benzinning oʻrtacha haftalik kotirovkasi 5,8% ga koʻtarilib, benzinning bir tonnasi uchun 3 829,0 ming soʻmni, AI-91 benzinining oʻrtacha haftalik kotirovkasi 1,2% ga koʻtarilib, benzinning bir tonnasi uchun 4 458,9 ming soʻmni tashkil etdi.
Eslatib oʻtamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi oʻrtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring