Bir bor ekilganda 50 yil hosil beradigan dorivor oʻsimlik Orolboʻyida gulladi
Illyustrativ foto
Yurtimizda dorivor oʻsimliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir hududda dorivor oʻsimliklarni tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda yetishtirish zaruratidan kelib chiqqan holda ilmiy izlanishlar olib borayotgan mutaxassislar takliflari bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasida ilk bor lavanda dorivor oʻsimligi ekildi.
— Soʻnggi yillarda butun mamlakatimiz boʻylab oʻrmon fondi yerlarida dorivor oʻsimliklarni yetishtirish keng yoʻlga qoʻyilmoqda, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Yerniyaz Akimniyazov. — Mana, bu yil ilk bor lavanda dorivor oʻsimligi ekildi. Buning uchun tajriba sinov tariqasida Xoʻjayli tumanidagi oʻrmon xoʻjaligining 4 gektar maydoni tanlab olindi. Bu oʻsimlik koʻchatlarini Fargʻona viloyatidagi “Mehrigiyo” korxonasidan olib kelib ekdik. Mana, natijasi yaxshi, lavandaning dastlabki hosilini yigʻishga tayyor boʻlib turibmiz.
Eʼtiborlisi, sinov tariqasida ekilgan lavanda oʻsimligi gulladi, yaʼni hosil berishi isbotlandi. Kelgusida biz boshqa hududlarda ham plantatsiyalar barpo etishni rejalashtiryapmiz.
Dorivor oʻsimliklarining bir yillik va koʻp yillik turlari mavjud. Orolboʻyida ilk bor ekilgan lavanda dorivor oʻsimligini bir bor ekib, 50 yilgacha hosil olish mumkin ekan.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida birinchi marta 1973-yili Toshkent viloyatida dorivor oʻsimliklar ekila boshlangan. Keyinchalik 1978-yilda Namangan viloyati Pop tumanida “Pop” nomli dorivor oʻsimliklar oʻstiriladigan xoʻjalik tashkil qilingan. Bugungi kunda Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarida dorivor oʻsimliklarni yetishtiradigan maxsus xoʻjaliklar bor. Endilikda Orolboʻyi hududlarida ham lavanda dorivor oʻsimligi plantatsiyalari barpo etilishi kutilmoqda.
Gʻayrat OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring