Biometrik ovoz berish sinovdan oʻtkazilmoqda
Bu yilgi saylov jarayonlaridagi yana bir yangiliklardan biri hududlardagi ayrim saylov uchastkalarining ilk bor sinovdan oʻtkazilgan “DigID” (Digital Identifikation – raqamli identifikatsiya) qurilmalari bilan taʼminlanganidir.
Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahridagi 188-saylov uchastkalariga biometrik identifikatsiya qilish qurilmalari oʻrnatilgan. Maqsad – ushbu qurilmalar yordamida nomzodlarga ovoz berishda saylovchilar ishtirokining xolisligiga erishish, jarayonlarning shaffof va adolatli oʻtishini taʼminlashdan iborat.
Shuningdek, Fargʻona viloyatining 4 ta hududi – Fargʻona shahridagi 681- va 742-, Uchkoʻprik tumanidagi 212-, Oltiariq tumanidagi 886-saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali toʻgʻridan-toʻgʻri videotranslyatsiya qilinmoqda.
— Oltiariq tumanining 34-umumtaʼlim maktabida joylashgan 886- saylov uchastkasida bugun onlayn tartibda videotranslyatsiya sabab adolatli oʻtayotgan saylovlarga saylovchilarimizda hech qanday shubha-gumon qolmadi, — deydi uchastka boshligʻi Dilbarxon Mamadonova. — Tushlik payti boʻlishiga qaramasdan uchastkamizdagi saylovda ishtirok etuvchi aholining 68,6 foiz uchastkamizga kelib oʻzlariga maʼqul nomzodlarga ovoz berishdi.
Elyor EHSONOV.
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring