Beruniy tavalludining 1050-yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazildi

16:40 26 Sentyabr 2023 Jamiyat
514 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumanida boʻlib oʻtgan “Abu Rayhon Beruniyning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga Turkiya, Hindiston, Pokiston, Eron, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Afgʻoniston va Xitoy kabi 20 dan ortiq davlatlardan mehmonlar kelishdi.

Konferensiya ishtirokchilari, buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy bobomiz xotirasiga hurmat koʻrsatib, uning haykali poyiga gulchambarlar qoʻyishdi. Shuningdek, anjuman ishtirokchilari Abu Rayhon Beruniyning ramziy qabrini ziyorat qilishdi. Shu yerda qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy ruhiga Qurʼon tilovat qilindi. Shuningdek, ulugʻ olimning bizgacha yetib kelgan asarlari, jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi haqida soʻz yuritildi.

Taʼkidlanganidek, Abu Rayhon Beruniy oʻz zamonasining koʻplab fanlarini, jumladan, astronomiya, fizika, madaniyatshunoslik, geografiya, geologiya, etnologiya, tarix, jamiyatshunoslik, til ilmi kabi fanlarni puxta oʻzlashtirgan va ularni rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan qomusiy olimdir. Shu bois ham uning nomi jahon ilm-fan dunyosining buyuk mutafakkirlari orasidan joy olgan. Beruniy ilm-fanning turli sohalariga oid 160 tadan ortiq yirik asarlar yaratdi. Eʼtiborlisi, bundan oʻn asr oldin tarix sahifalariga muhrlangan asarlari bugungi zamonda ham ilm-fan yutuqlarining asosini tashkil qilmoqda.

Tadbir davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi A. Orinbayev mehmonlar bilan birgalikda Beruniy sharafiga oʻrnatilgan yodgorlik majmualari hududidagi bogʻda yaxshi niyatlar bilan manzarali daraxt koʻchatlarini ekishdi.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari Beruniy tumanidagi madaniyat saroyida oʻtkazilgan tantanali tadbirda ishtirok etishdi, mehmonlarga xalq ijodi, milliy musiqalar hamda urf-odatlar namunalari namoyish etildi. Shuningdek, buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning boy merosidan soʻzlovchi kitoblar, tarjima qilingan asarlar, ilmiy izlanishlar hamda tarix sahifalaridan darak beruvchi suratlar koʻrgazmasi bilan yaqindan tanishishdi.

Tadbir davomida tumandagi Madaniyat saroyida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbirda soʻz olganlar Beruniy bobomizning qoldirgan boy merosi va uning ahamiyati, bugungi kundagi ilm-fan rivojidagi tutgan oʻrni va munosib hissasi haqida toʻxtalib oʻtdilar.

Konferensiyada chet eldan tashrif buyurgan olimlarning “Oʻrta Osiyo olimlari jahon sivilizatsiyasida”, “Beruniy asarlarining jahon ilm-fani rivojidagi hissasi”, “Beruniy gumanitar merosining Tojikistonda oʻrganilishi” kabi mavzularda ilmiy izlanishlari yuzasidan taqdimoti oʻtkazildi.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер