Bemorlarning mushkuli oson, uzogʻi yaqin boʻladi

17:23 10 Yanvar 2025 Jamiyat
484 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Boysun tumani tibbiyot birlashmasida gemodializ boʻlimi tashkil etilib, Germaniyada ishlab chiqarilgan uchta qon toksik, yaʼni zaharli moddalardan tozalash uskunasi bilan jihozlandi. Bu buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan bemorlarning mushkulini oson, uzogʻini yaqin qiladi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar olis va togʻli tumanimizda ham boʻy koʻrsatmoqda, — deydi Boysun tumani hokimligi axborot xizmati boshligʻi Yunus Xoliyorov. — Dastlab tibbiyot muassasamiz zamonaviy tipda barpo etildi. Soʻnggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlanib, bemorlarning oʻz hududida zarur muolajalarni olishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Navbatdagi yangi tashkil etilgan gemodializ boʻlimi ham boysunliklarning uzoq yillardan buyon ushalmayotgan orzusi edi, desam, mubolagʻa boʻlmaydi.

Shu paytgacha tumanda buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan bemorlar zarur muolaja olish uchun 200 kilometr yoʻl bosib, Termiz shahri yoki qoʻshni viloyatlar markazi, hatto poytaxtga borishga majbur boʻlardi. Endi bunday ovoragarchilik, ortiqcha xarajatga chek qoʻyildi. Xorijning zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan boʻlim shifokorlari malaka oshirib qaytishgani esa bemorlarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilishini kafolatlamoqda.

— Uch yildan buyon buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kurashaman, — deydi tumandagi Boshrabot mahallasida yashovchi Ismoil Rahimov. — Oʻtgan vaqt mobaynida koʻp qiyinchiliklarga duch keldim. Uzoq yoʻl, ortiqcha xarajatlar, bularning bari toʻliq tuzalib ketishimga umidimni pasaytirardi. Endi qiyinchiliklar ortda qoldi. Tumanimizning oʻzida sharoitlar yaratildi. Nazarimda, tanamdagi kasallik chekinayotgandek boʻlyapti. Bunday gʻamxoʻrlik uchun Yurtboshimizdan cheksiz minnatdormiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер