“Beeline”ga sadoqatli mijozdan ochiq xat

Mamlakatimizda “Beeline” (Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat koʻrsatuvchi “UNITEL” MCHJ va “BUZTON” MCHJ) abonentlari eng koʻp boʻlgan mobil aloqa kompaniyasi sifatida eʼtirof etiladi.
Tan olish kerak, bir necha oʻn yillardan buyon raqobat maydonida bu tashkilotga teng keladigani topilishi amrimahol edi. Biroq keyingi paytlarda mazkur kompaniya koʻrsatayotgan aloqa va internet xizmatining sifat darajasi keskin tushib ketgani hech kimga sir emas. Buni toʻqlikka shoʻxlikmi, bemalol xoʻjalikka berilishmi, oʻziga keragidan ortiq ishonishmi (maʼqulini tanlab olaverasiz) qanday izohlash oʻzingizga havola.
Balki Toshkent, Qoʻqon, Margʻilon kabi yirik shaharlarimizda xizmat koʻrsatish juda yuqori saviyada yoʻlga qoʻyilgandir. Lekin shahardan bir qadam tashqariga chiqishingiz bilan “BeelineUZ” oʻz “qiliq”larini koʻrsata boshlaydi. Sim qoqasiz — narigi tomondagi odamning ovozlari boʻlinib-boʻlinib kela boshlaydi, gohida bir necha soniyalar davomida na gudok boradi, va na operatorning biron bir joʻyali bahonasi eshitiladi.
Yaqinda atayin bir tanishim oldida kompaniyani sinamoq niyatida telefon qildim. Birinchi gal operatorning uni ham chiqmadi, ikkinchi gal “bu telefon raqami tarmoqda mavjud emas” simfoniyasini eshitdik, uchinchi galda “Set band” degan javobni oldik. Avtomat operator esa ogʻziga kelganini vaysayapti. Aloqadagi muammolarni aytdim xolos!!! Internet xizmatini bayon qilmay qoʻya qolay. Ishlash tezligi haqida “gap boʻlishi mumkinemas”.
Odatda tuman markazlarida internet tezligi yaxshi. Kompaniya buni ham koʻp koʻrdi. Bagʻdod tumani markazida telegramdan kelgan zarur 2 mb. tasvirni naqd 20 daqiqada koʻchirib olsam boʻladimi?! Bu nima degan gap?. Axir bu “BeelineUZ” ku?! Nega bu ahvolga tushib qoldi. Bu ham mayli, shu Bagʻdod tumani markazida deng, 13 oktyabr kuni soat 9:00 dan 16:00 gacha (balki bundan koʻproqdir) “Beeline” umuman ishlamadi. Na SMS, na internet va na aloqa... Tagʻin ham biz sabr toqatli, andishali xalqmiz boʻlmasa menga oʻxshagan “yigʻloqi” abonentlar esa bir necha ming kishini tashkil etishi mumkin. Bunga shubham yoʻq. Xunobim oshib “Beeline” operatoriga telefon qildim, gaplashdim, arzu hol qildim. Bilasizmi operator menga nima dedi? Oʻzingiz soʻzma soʻz oʻqib koʻring: “Arizangiz roʻyxatga olindi. 24 soatdan 48 soatgacha boʻlgan vaqt ichida navbat asosida koʻrib chiqilgach, natijasi qoʻngʻiroq yoki SMS xabar orqali Sizga yetkaziladi. Samimiy tilaklar bilan sizning Beeline”. Ana xolos... Bu nima ahvol?! Men bir tuman markazida Beeline umuman ishlamayotganligidan dod-voy qilsamu, javobni qarang: “navbat asosida koʻrib chiqilgach...” Ogʻzaki arizamning navbat asosida navbati kelguncha tuman markazida aloqasiz oʻtiramizmi?. Ana sizlarga mijozlarga, abonentlarga hurmat, izzat ikrom. Uning ustiga bir zumda SMS keladi: “operator xizmatiga baho qoʻying”. Hoy, baraka topgur, kompaniya xizmatiga baho bering, deb kelmaydimi?! Naqd “1” qoʻygan boʻlardim!
Operator bilan suhbatimizdan soʻng ikki kun oʻtgach murojaatimga javob keldi: “Hozirga paytda kompaniya tomonidan butun uyali aloqani modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda....Modernizatsiya ishlari hamon davom etmoqda...” Ha , shunday ekan, nega kompaniya abonentlarni bu haqda avvaldan ogohlantirmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasida “Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) isteʼmolchiga oʻzi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli maʼlumot berishi shart”, deyilgan. Buning ustiga, xuddi shu hujjatning 8-moddasiga asosan, isteʼmolchilar koʻrsatilayotgan xizmat sifatini tekshirish huquqiga ega. Kompaniya bir ogʻiz SMS bilan “Bugun falon hududlarda modernizatsiya ishlari olib borilayotganligi sababli, ayrim nosozliklar uchun uzr soʻraydi” qabilida xabarnoma yuborsa boʻladiku. Aytib qoʻyay, mana shu xabarnomasiz olib borayotgan modernizatsiya ishlaring shu qonunni qoʻpol ravishda buzish degani.
Yuqorida aytib oʻtilgan voqeliklar toʻqima hikoyalar emas, balki hayotda prototipi bor ayni hayotiy haqiqatlardir.
Boshqa aloqa kompaniyalar hatto Qamchiq dovonidan oʻtib borayotgan bir necha yoʻlovchi va kirakashlarni ham oʻz abonentlari safiga qoʻshish uchun “kurash” olib borayotgan bir paytda sizlar innovatsiyadan uzoqlashib boryapsizlar, raqobat maydonida eng sodiq abonentlaringizni ham sifatsiz aloqa va internet xizmati bilan birma bir boy beryapsizlar. Toma toma koʻl boʻlur, deydilar. Aksincha, bir tomchidan yoʻqotilganda har qanday dengiz ham kuni kelib quriydi. Birgina kichik misol: Qamchiq dovonidan muttasil qatnovchi xohlagan fuqarodan soʻrang, ularning deyarli barchasi boshqa kompaniya abonentlari va yoki ikkinchi sim kartasi boshqa aloqa kompaniyasiga tegishli. Nega shunday?! Chunki “Beeline” Qamchiq dovonida kompaniya mamlakatimizga kirib kelganidan buyon umuman ishlamaydi. Bunga biror marta urinishlar ham boʻlmagan. Nima, “Beeline” ni bunga qurbi yetmaydimi, yoki moliyaviy ahvoli yaxshi emasmi? Bizningcha bunday emas, balki yangilikka intilish, hafsala yetishmaydi sizlarda.
Agar mening soʻzlarimga, ochiq xatga ishonmasangiz, Beeline abonentlari oʻrtasida ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkazing, ommaviy tarzda odamlarning fikr mulohazalarini oʻrganing, muammoning ildizi qayerdaligini topish bizningcha sizga tegishli masala. Agar adashmasam, hozir aytib oʻtilgan soʻrovnomalar, kompaniya haqidagi keng jamoatchilik fikrini oʻrganish ishlari bir necha oʻn yillardan buyon umuman olib borilgani yoʻq. Hatto abonentlarning fikri bilan umuman qiziqmaysizlar. Kompaniyaning Jamoatchilik bilan ishlash boʻlimi bizningcha hali uxlab yotibdi.
Hurmatli, “Beeline”! Toʻgʻri, biroz qizishib ketdim. Lekin, pana pastqamlardan turib shunchaki gʻiybat qilgandan koʻra, butun abonentlaringiz nomidan yuzingizga shartta-shartta kamchilik va nuqsonlarni aytib tashlashni lozim koʻrdim. Zero, bu yaxshilikka, sizning foydangizga ishlasin. Niyatimiz,bundan keyin ham hayotning yorqin tomonida boʻling! Agar maʼqul topsangiz javob xatini barcha abonentlar qatori intiqlik bilan kutaman.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring