“Beeline” fuqaroning pulini qaytardi
Sariosiyo tumani “Bogʻiobod” mahallasida yashovchi fuqaro Z.Mingliboyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishonch telefoni”ga “Beeline” aloqa kompaniyasi faoliyatidan norozi boʻlib murojaat qildi. Fuqaro murojaati asosida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Surxondaryo viloyat hududiy birlashmasi quyidagilarni aniqladi.
Maʼlum boʻlishicha, Z.Mingliboyevning telefon raqamiga 1 113 000 (bir million bir yuz oʻn uch ming) soʻm pul ortiqcha toʻlangan. Fuqaro aloqa kompaniyasiga ortiqcha pulni qaytarishni soʻrab murojaat qilganda, unga oʻzining nomiga ochilgan bank plastik kartochkasi yoki bankdagi hisob raqamiga oʻtkazib berish bildirilgan. Ammo fuqaro oʻzining bankda shaxsiy hisob raqami va plastik kartochkasi yoʻqligi, yangidan ochish imkoni mavjud emasligi, chunki 1-guruh nogironi ekanini aytgan. Bunga javoban aloqa kompaniyasi xodimlari pulni qaytarishning boshqa yoʻli yoʻqligini taʼkidlashgan.
Z.Mingliboyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishonch telefoni”ga murojaatidan soʻng Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Surxondaryo viloyat hududiy birlashmasining aralashuvi bilan fuqaroning jismoniy imkoniyatlari cheklanganligi inobatga olinib, aloqa kompaniyasi ortiqcha toʻlangan pulni tomonlarning roziligi bilan uning tugʻishgan opasi G.Mingliboyevaning bank plastik kartochkasiga oʻtkazib berdi.
Sirojiddin IBRAGIMOV,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Surxondaryo viloyat hududiy birlashmasi Matbuot va axborot sektor boshligʻi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring