“BCT Cluster” Bangladesh kompaniyasiga mahsulot yetkazib beradi

15:37 21 Dekabr 2023 Jamiyat
679 0

Bangladeshning “Beximco Group” kompaniyasi bosh direktori Sayid Naved Husayn mamlakatimizga tashrifi doirasida Buxoro viloyatidagi “BCT Cluster” paxta-toʻqimachilik klasterida boʻldi.

Mehmon dastlab klasterning Buxoro shahrida joylashgan “Bukhara Cotton Textile” toʻqimachilik majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. U klaster paxta dalalarida yetishtirilgan hosil chuqur qayta ishlanib, “B Jeans” brendi ostida jinsi kiyim-kechaklari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilganiga yuqori baho berdi. Shundan soʻng tomonlar hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, yuqori sifatli mahsulotlar yetkazib berish boʻyicha muzokaralarga kirishdilar.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar, rivojlanib, ayniqsa, toʻqimachilik sohasidagi hamkorlik aloqlari yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Paxta-toʻqimachilik sohasi tubdan isloh qilinib, klaster tizimiga oʻtilgani, tarmoqda toʻliq bozor munosabatlari joriy etilib, majburiy mehnatning oldini olinayotgani chet ellik investorlarning qiziqishini oshiryapti. Natijada yurtimiz ishlab chiqaruvchilari xalqaro toʻqimachilik sanoatining savdo zanjirlariga qoʻshilmoqda.

Bangladeshning “Beximco Group” kompaniyasi ham buyurtmalarining bir qismi yurtimizga yoʻnaltirishni rejalashtirgan. Oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida tashkil etilgan mazkur kompaniya mamlakatdagi eng yirik xususiy kompaniya hisoblanadi. Birgina toʻqimachilik sanoati yoʻnalishida 70 000 dan ortiq odam ishlaydi. Ichki bozordan tashqari, “H&M”, “Zara” kabi xalqaro brendlar uchun erkaklar, ayollar va bolalar kiyim-kechaklari yetkazib beradi.

Janob Sayid Naved Husaynning aytishicha, Oʻzbekistonda toʻqimachilik sanoatining eksport salohiyati yuqoriligi, ayniqsa, Yevropa va MDH bozorlariga bojsiz eksport qilish imkoniyati mavjudligini uning qiziqishini oshirmoqda. Qolaversa, Yevropaga tovarlarni sotish amaliyoti Bangladesh bilan qiyoslaganda bir necha barobar tez, atigi 10 kunda amalga oshirilishi mumkinligi yana qulaylikdir. Bu esa uni yurtimizda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, taniqli savdo brendlari ostida mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga undamoqda.

Uchrashuvda chet ellik mehmon shular haqida batafsil toʻxtaldi. Yakunda tomonlar “Bukhara Cotton Textile” toʻqimachilik korxonasi hamda “Beximco Group” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер