Barchasining faoliyati qayta tiklandi
Illyustrativ foto
Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida pandemiya sharoitida aholi bandligini taʼminlash, ishlab-chiqarish korxonalari faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar koʻlami kengaymoqda.
Bu boradagi tadbirlar doirasida Ohangaron shahridagi qurilish jarayoni toʻxtab qolgan, 30 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya mablagʻi jalb qilingan loyihadagi metallurgiya zavodini bunyod etishga tumandagi vaqtincha ishsiz yurgan 200 nafar yoshlar jalb etildi. Ushbu loyiha amalga oshirilsa 500 nafar yosh mutaxassis va mahalliy aholining ish bilan bandligi taʼminlanadi.
Shahridagi faoliyati toʻxtab qolgan yana bir korxona — bolalar tagliklari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 30 nafar ayollar jamoasining faoliyati qayta tiklandi. Bugungi kunda korxona mahsulotlari nafaqat ichki bozorga, balki, MDH mamlakatlariga ham eksport qilinmoqda.
Olmaliqlik tadbirkor Dadamurod Baratovning barcha turdagi mebel jihozlari va temir darvozalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik korxonasi ham shahardagi 2-sektor masʼullari yordamida qayta ish yurita boshladi. Bu bilan karantin cheklovlariga toʻliq rioya etgan holda 30 nafar yoshlar bandligi taʼminlandi. Tadbirkor bankdan olgan imtiyozli kredit mablagʻi evaziga tikuvchilik sexi ochib, 30 nafar xotin-qizlarni ham ishga jalb qildi.
Yana bir tadbirkor Oqiloy Xoʻjamqulova esa gilamdoʻzlik hunarini rivojlantirmoqda. Pandemiya tufayli u ham oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgandi. Ushbu noyob hunar sirlarini shahar yoshlariga oʻrgatish jarayonini shakllantirish uchun shahar Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan hunarmandga onlayn saboq berish sharoiti yaratilib, belgilangan maosh tayinlandi.
Sandiqchilar sulolasi vakili Abdimoʻmin Davlatov ham karantin tufayli faoliyatini toʻxtatgandi. Uning Olmaliq shahar prokuraturasiga qilgan murojaati qisqa fursatda hal etilib, uyda ushbu hunar faoliyati bilan shugʻullanishiga toʻliq sharoit yaratildi.
Bular haqida Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati manbalari maʼlum qiladi.
Shodiyor MUTAHAROV,
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring