Bank xodimlari ommaviy ravishda boʻshatilishi borasidagi gaplar asossiz

18:29 17 Aprel 2020 Siyosat
1411 0

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan ayrim internet nashrlarida eʼlon qilingan “Bankdagi 5 ming sayyor kassir ishsiz qoladimi?” nomli maqola oʻrganib chiqildi hamda keltirilgan fakt va iddaolar mutlaqo asossiz ekanligi aniqlandi.

Jumladan, maqolada Respublika maxsus komissiyasi hamda koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha maxsus shtabining 2020-yil 14-apreldagi qarori bilan shu yilning may oyidan pensiya va nafaqalar toʻliqligicha bank plastik kartalari orqali amalga oshirilishi tufayli, banklarda sayyor kassir boʻlib ishlayotgan 5 mingga yaqin xodim respublika boʻyicha ishsiz qolishi va bu haqda hech kim gapirmayotgani qayd etilgan.

Markaziy bank va Xalq banki mutasaddilarining Senat soʻroviga bildirgan axborotlaridan maʼlum boʻldiki, avvalo, pensiya va nafaqalar toʻliqligicha bank plastik kartalari orqali amalga oshirilishi – kassirlardan terminallar orqali har bir pensionerga naqd pulni yetkazib berishni, bankomatlarni pul bilan taʼminlab turish kabi qator vazifalarni talab etadi va ularga ish yuki hozirda yetarli boʻladi. Shu bois shtatlarni qisqartirish borasidagi gaplar asossiz.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida”gi Farmonining 14-bandiga binoan banklarga respublikaning barcha chekka hududlarida mijozlarga tezkor xizmat koʻrsatish uchun ixcham “bank xizmatlari ofislari”ni tashkil qilish vazifasi yuklangan.

Shuning uchun banklar tomonidan sayyor kassirlarni qoʻyidagi yoʻnalishlarda ishga jalb etish rejalashtirilgan:

- “bank xizmatlari ofislari” orqali aholiga chakana bank xizmatlarini koʻrsatish, mikrokredit, mikroqarz, avtokredit, isteʼmol kreditlari olishlarida koʻmaklashish;

- barcha hududlarda bankomatlar oʻrnatilib, toʻliq ishga tushgunga qadar pensionerlarga bank kartalaridagi pullarini terminallar orqali naqd olishlarini taʼminlash;

- hududlardagi bankomatlarni naqd pul bilan taʼminlab turish kabi xizmatlar koʻrsatish.

Albatta, zamon talabi bilan raqamli iqtisodiyotning shiddat bilan kirib kelishi, raqamli texnologiyalarning tezkor rivojlanib borishi har bir bankdan kuchli raqobat sharoitida “yashab qolish” uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishni talab etadi. Shundan kelib chiqib, banklar xodimlarni ommaviy ravishda “qisqartirish” emas, balki yuqori texnologiyalar orqali xizmat koʻrsatish qobiliyatini oshirish va chakana bank xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha qayta tayyorlash ustida uzviy ishlarni amalga oshirmoqda. Bu jarayon esa Senatning doimiy nazoratida boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер