Bandlikni taʼminlash boʻyicha vazir axborot berdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “Hududlarda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masalani muhokama qildilar.
Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Musayev javob berdi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, ularni kasbga oʻqitish va qayta tayyorlash, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida jami 999,7 ming aholining doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish oʻrinlarida bandligi taʼminlandi.
Shuningdek, 111,8 ming nafar ishsiz fuqarolar korxona va tashkilotlardagi mavjud boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashtirildi, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan 10,2 ming nafar ehtiyojmand fuqarolar ish bilan taʼminlandi. 2023-yilda 15 ming nafar imkoniyati cheklangan nogironligi boʻlgan shaxslar bandligini taʼminlash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqildi. Mazkur dastur asosida oʻtgan toʻrt oy davomida 5,0 ming nafar imkoniyati cheklangan nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligiga koʻmaklashildi.
Bundan tashqari, aholini vaqtinchalik ishlarda daromad manbai bilan taʼminlash maqsadida 7,3 ming korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda 38,8 ming aholi haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etildi va ularga ish haqi uchun 40,9 mlrd.soʻm mablagʻ moliyalashtirib berildi.
“Hukumat soati”da deputatlar ish qidirayotgan va ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdi.
B.Musayev qayd etishicha, mehnat bozori konyunkturasi tahlil qilinib, talab yuqori boʻlgan 71 turdagi kasb boʻyicha 160 ming nafardan ortiq ishchi kasb egalariga boʻlgan joriy va yaqin istiqboldagi ehtiyoj belgilab olindi. 2023-yil yanvar-aprel oylarida 46,4 ming nafar ishsiz aholi mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga tayyorlash va malakasini oshirish uchun yuborildi. Shu kunga qadar ularning 10,3 ming nafari oʻqishni tamomladi.
Shu bilan birga, kasb-hunarga oʻqitilganlar tarkibida 34,4 ming nafari sanoat va xizmat koʻrsatish, 4,6 ming nafari qurilish, 900 nafari agrotexnologiyalar, 1,9 ming nafari IT sohasi kasblari va 4 ming nafari “Usta-shogird” anʼanasi asosida hunarmandchilik kasblariga oʻqishga jalb etildi.
Taʼkidlanganidek, “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlari oʻqituvchilarining malakasini oshirish uchun xorijiy oʻqituvchilarni jalb etish maqsadida Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Oʻquv-maslahat ofisi” faoliyati tashkil etildi.
Shuningdek, joriy yilda vazirlik huzuridagi kasb-hunarga oʻqitish markazlari negizida 15 ta “Ishga marhamat” monomarkazi, olis mahallalarda 250 ta kasb-hunar maskanlari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Deputatlar sohada olib borilayotgan ishlarni eʼtirof etib, xotin-qizlar va mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan savollar berishdi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri taʼkidlaganidek, joriy yilning oʻtgan davrida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 163,4 ming nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligiga koʻmaklashildi, oʻzini-oʻzi band qilish faoliyat yoʻnalishlari bilan band boʻlgan 10,9 ming nafar xotin-qizlar oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi.
Shu bilan birga, 2023-yilda mehnat bozoriga 734,9 ming nafar bitiruvchi kirib keladi. Shundan umumiy oʻrta maktabni bitirganlar 383,1 ming, kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlarni bitirganlar 194,3 ming, oliy taʼlim muassasari bitiruvchilari 157,5 ming nafarni tashkil etadi.
Oliy taʼlim muassasalarida hozirgi kunda tahsil olayotgan talabalarning oʻqishdan tashqari bandlik holati tahlil qilinib, 2023-yil 1-yanvar holatiga Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning 110 mingga yaqini iqtisodiyotning rasmiy sektorida oʻqishdan tashqari ish bilan band boʻlganlarni tashkil etadi. Tahsil olayotgan talabalarning 64,5 ming nafari davlat sektorida, 42,1 ming nafari xususiy sektorda oʻz faoliyatini olib bormoqda.
Savol-javoblarga boy boʻlgan “Hukumat soati”da deputatlar mavjud muammolarni bartaraf etish, soha istiqboliga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.
Muhokamalar soʻnggida kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring