Bandlik boʻlimidagi qingʻirliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toʻraqoʻrgʻon tumani boʻlimi tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi faoliyatida bir qator jinoyat alomatlarini aniqladi.
Xususan, markazda oʻtkazilgan tekshirishdan maʼlum boʻlishicha, markaz rahbari Sh.Egamov boshqa mansabdor va moddiy javobgar shaxslari bilan bir guruh boʻlib, oldindan til biriktirgan holda oʻzgaga tegishli mablagʻlarni talon-toroj qilishgan.
Bunda ularga Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining yigʻilish bayonnomasining 10-bandida infratuzilma obyektlari tuzilishi, rekonstruksiya qilinishi va kapital taʼmirlanishi, qishloq xoʻjaligida dala ishlari, qurilish ishlari va boshqa turdagi jamoat ishlariga jalb qilinayotgan fuqarolarning ish haqi toʻliq (100 foiz) jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan toʻlab berilishi “qoʻl kelgan”. Yaʼni soxta maʼlumotlar kiritish yoʻli bilan oʻz tanishlari va yaqin qarindoshlari nomiga tadbirkorlik subyektlari tashkil etib, markaz tomonidan ushbu tadbirkorlik subyektlarining buyurtmasiga asosan, tuman hududida yashovchi ishsiz fuqarolarni jamoat ishlariga yuborilganligini koʻrsatgan holda ularning hisob-raqamlariga jami 601,8 million soʻm juda koʻp miqdordagi mablagʻlarni oʻtkazib talon-toroj qilganlar.
Ayni paytda aybdorlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovga tegishliligi boʻyicha Namangan viloyat prokuraturasiga yuborilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Markaz rahbari Sh.Egamov va boshqa mansabdor hamda moddiy javobgar shaxslariga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring