Jizzaxda baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha 76 mlrd soʻmlik loyiha amalga oshirilmoqda

10:20 19 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
3742 0

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi aholining vitamin va mikroelementlarga boy baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi direksiyasi” DUK faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan 76 milliard soʻmlik yirik loyihani amalga oshirmoqda.

Loyiha natijasida joriy yilning yakuniga qadar 18 750 tonna, yaʼni oʻtgan yilga nisbatan 1,5 barobarga koʻp baliq yetkazib berilishi kutilmoqda.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 martdagi 124-sonli qaroriga asosan Aydar-Arnasoy koʻllar tizimining baliq resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash va samarali boshqarishni tashkil etish, biologik xilma-xillikni saqlash, baliqchilikni rivojlantirish, shuningdek, tabiiy suv havzalarida baliqlarni koʻpaytirish bilan bogʻliq masalalarni hal etishga kompleks yondashish maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi huzurida “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi direksiyasi” DUK tashkil etilgan.

Hozirda mazkur hududning umumiy maydoni 370 ming gektarga teng boʻlib, uzunligi 180 km, kengligi oʻrtacha 21 km, eng chuqur joyi esa 45 metrni tashkil qilmoqda. Koʻllar tizimida koʻplab orolchalar hamda quruqliklar mavjud.

Davlat soliq qoʻmitasi rivojlangan mamlakatlar tajribasini joriy qilish maqsadida Xitoy, Turkiya, Vyetnam, Fransiya, Saudiya Arabistoni hamda Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasidan laboratoriya uskunalari va serhosil baliq turlari olib kelinayotgan boʻlsa, turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda baliqlarni qayta ishlash sexlarini tashkil etish, Birlashgan Arab Amirliklari bilan qafas (sadok) moslamalarida baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyish hamda Saudiya Arabistoni bilan tabiiy suv havzasida baliq yetishtirish boʻyicha hamkorlikdagi qator loyihalar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Koʻllar tizimini toʻliq baliqlantirish imkoniyatiga ega boʻlgan 450 gektar sunʼiy suv havzasi barpo etilib, baliq chavoqlarini yetishtirish hamda 500 gektar yer maydonida baliq chavoqlarini oziqlantirish uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish maqsadida direksiyaning avtoparki shakllantirildi. Xususan, kredit mablagʻlari hisobidan 3 dona “ISUZU” avtomashinasi (2 dona yuk va 1 dona muzlatkichli), 1 dona frontal yuklagich, 1 dona buldozer, 2 dona “MAN” rusumli avtosamosval va 4 dona traktor hamda boshqa qishloq xoʻjaligi agregatlari xarid qilindi. Qoʻshimcha ravishda 3 ta ekskovator, baliq chavoqlari va baliqlarni tashish uchun maxsus avtomashina, muzlatkichli yuk avtomobiliga ham buyurtma berilgan.

Toʻliq tizimli inkubatsiya sexlari, baliq yetishtiriladigan parvarishxonalar hamda baliq oʻstirish havzalari, ishlab chiqarish binolarini qurish, maxsus texnika vositalari sotib olish, baliqni qayta ishlash, qadoqlash, baliq uni va yem ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish uchun qoʻshimcha kredit liniyalari oʻzlashtirilishi maqsad qilingan.

Hozirda koʻllar tizimini baliqlantirish uchun 5,2 million dona baliq chavoqlari yetishtirilmoqda. Shuningdek, oktyabr-noyabr oylarida rejadagi 7 million dona baliq chavoqlari koʻllar tizimiga tashlanadi. Joriy yil yakuniga qadar rejadagi 100 gektar sunʼiy suv havzalari barpo etiladi. Toʻliq tizimli inkubatsiya sexining qurilish ishlari yakunlanish arafasida boʻlib, yil yakuniga qadar shay holatga keltiriladi.

Shu kungacha koʻllar tizimida 477 yangi ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, loyiha toʻliq ishga tushishi natijasida mehnat qilayotgan ishchilar soni 2000 nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер