Balki Sizda uyat, vijdon kabi his-tuygʻular kamroq, xudbinlik esa koʻproqdir...

00:34 01 Aprel 2020 Jamiyat
1607 0

Illyustrativ surat

“Dostavщik” sifatida BMW X7 va Mercedes kabi premium-klass avtomashinalarga ruxsat olishga ariza berayotgan hamda vijdoni yoʻq va afsuski, tadbirkor shaʼniga katta dogʻ tushirayotgan “uddaburon, uchar” tadbirkorlarga

I L T I M O S N O M A

Har yerda ruxsatnomalarni “sotish” haqida gapirilmoqda. Buning asosiy sababi nimada?

Karantin davrida oziq-ovqat savdosi va umumiy ovqatlanish korxonalarining yetkazib berish xizmatlari uchun (kuryerlik va “dostavka”) avtotransportlarga maxsus ruxsatnomalar berilishi belgilangan. Bugungi kunda bunday toifadagi arizalar soni 30.000 dan ortiqni tashkil etmoqda.

Eʼtiborlisi, aynan mazkur korxonalar tomonidan “premium-klass“ avtotransport vositalariga, shu jumladan, BMW X7, Mercedes, Leksus, Hyundai, Captiva, Malibu-2, Tracker va shunga oʻxshash mashinalar uchun ham “kuryerlik”ni amalga oshirish uchun arizalar yuborilmoqda.

Ushbu arizalarga ilova qilingan hujjatlarda mazkur toifadagi avtomashinalarni haydovchilari kuryer sifatida rasmiylashtirilgan ish beruvchining buyrugʻini taqdim qilmoqda.

Mamlakatimizda hukm surayotgan ushbu ogʻir kunlarda bunday ishlarni amalga oshirishga “uddaburon” tadbirkorlarimizning vijdonlari qanday qilib yoʻl qoʻymoqda ekan?

Aynan ushbu “premium-klass” mashinalar egalari virus tarqatuvchi boʻlib chiqsa-chi? Mayli, pul uchun hamma narsaga tayyor ekansiz, hech boʻlmasa, yaqinlaringiz sogʻligi haqida hech oʻylab koʻrdingizmi? Axir bu virus “domino” effekti orqali tarqaladi-ku?

“Premium-klass“ haydovchilari, ushbu mablagʻni hozirgi sharoitda qiynalib qolgan ehtiyojmand oilalarga sarf etsangiz ruhiyatingiz yengil tortarmidi?

Maxsus ruxsatnomalarni rasmiylashtirish uchun Davlat xizmatlari markazlari xodimlari tinmay mehnat qilmoqda. Bizda har bir hujjatning haqqoniyligiga alohida baho berish katta qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

Bunga asosiy sabablardan biri siz boʻlmoqdasiz !

Aynan Sizdek “hurmatli”lar tufayli, haqiqatdan ham oziq-ovqat, dori-darmon, don mahsulotlarini yetkazib beruvchilar tegishli ruxsatnomasini oʻz vaqtida ololmayapti!

Balki Sizda uyat, vijdon kabi his-tuygʻular kamroq, xudbinlik esa koʻproqdir, lekin Sizni jinoyat kodeksidagi javobgarlikning muqarrarligi prinsipi normalari ham qoʻrqita olmaydimi? Insoniylik his tuygʻulari ham shunday vaziyatda uygʻonmaydimi?

Biroq bitta narsani aniq bilishingizni xohlaymiz, gʻarazli maqsadingiz yoʻlida hujjatlarni soxtalashtirishga jinoiy javobgarlik muqarrardir.

Qadrli fuqarolar! Insonligimizni unutmaylik. Oʻzimizdan boshqalarni ham oʻylaylik.

Toʻgʻri tushunganingiz uchun minnatdorman.

Xalilillo TURAXUJAYEV, Davlat xizmatlari agentligi direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер