Balchiq mineral oʻgʻit vazifasini bajaradi

13:25 21 Noyabr 2019 Jamiyat
2394 0

Illyustrativ foto

Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Buxoro viloyat hududiy inspeksiyasi xodimlari ishtirokida oʻziga xos tajriba oʻtkazgan olotlik mutaxassislar balchiq mineral oʻgʻit vazifasini bajara olishiga ishonch hosil qilishdi.Qumloq yerga ekilgan bugʻdoy va gʻoʻza maydoni bir marta beriladigan mineral oʻgʻit oʻrniga balchiq bilan aralashtirilgan suv bilan sugʻorildi.

-Natijada hosildorlik oʻgʻit berilgan dalalardagiga qaraganda yuqori boʻldi,- deydi oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Olot tumani inspeksiyasi boshligʻi Otajon Hasanov.-Tuproqning mexanik tarkibi yaxshilandi, namlikni saqlash qobiliyati oshdi.Mineral oʻgʻitlardan foydalanish miqdori kamaydi.

Sirasini aytganda, balchiqning foydali jihatlari fan uchun yangilik emas.Deylik, tibbiyotda undan inson salomatligini yaxshilashda keng qoʻllaniladi.Jahon ilm – fanida sapropel degan tushuncha bor.Chuchuk suvli havzalarda oʻsadigan oʻsimliklar va mayda jonivorlar havza tubida choʻkib, loyqa bilan aralashadi.Uzoq yillar davom etgan jarayon natijasida sapropel yaʼni chirigan balchiq paydo boʻladi.

Mutaxassislarning fikrlariga qaraganda, balchiq tarkibi natriy, kaliy, fosfor hamda turli vitaminlarga boydir.U tuproqni zararsizlantirib, oʻsimlik rivojiga ijobiy taʼsir oʻtkazadi.Balchiq tuproqni yumshatadi.Darmoni qurigan, oriq yerni boyitib,uni“ishlash”ga majbur qiladi.Natijada tuproq qatlami hosildorligi oshadi.

Xoʻsh, yurtimizda balchiq zaxiralari bormi?Ulardan foydalanish imkoniyatlari qanday?

-Mamlakatimiz, jumladan viloyatimizda suv havzalari benihoya koʻp,-deydi O. Hasanov.-Qoraqir, Dengizkoʻl, Xadicha, Qumsulton kabi qator koʻllar bor.Bundan tashqari, Toʻdakoʻl va Quyimozor suv omborlari mavjud.Ular tubida yillar davomida balchiqning katta zaxiralari yuzaga kelgan.Masalan, viloyat ekin maydonlarining asosiy qismini ob –hayot bilan taʼminlaydigan Toʻdakoʻl suv ombori bundan 51 yil muqaddam ishga tushirilgan.Uning tubida toʻplangan loyqa shu paytga qadar biror marta ham tozalangani yoʻq.

Yana bir jihati borki, balchiq zaxiralaridan nafaqat ekin maydonlari hosildorligini oshirishda, balki qurilish sanoatida ham foydalanish imkoni mavjud.Masalan, gʻisht ishlab chiqarish mumkin.Bu yerning yuza qismidagi tuproq strukturasi buzilishi hollarini kamaytirgan boʻlardi.Chunki hozir gʻisht ishlab chiqarishda tuproq yuza qismi xom ashyo vazifasini oʻtayapti.

Yuqoridagilardan koʻrinadiki, bu taklifda jon bor.Uni amalga oshirishdan avval chuqur ilmiy yondashuv, hisob – kitob, tahlillar kerak boʻladi, albatta.Toki, six ham, kabob ham kuymasin.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер