Baxtiyor Saidov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash Bosh kotibi Qayrat Saribay bilan uchrashdi
Foto: Illustrativ foto
2023-yil 23-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov mamlakatimizga Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashida hamkor tashkilot sifatida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash (OHICHK) Bosh kotibi Qayrat Saribay bilan uchrashdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston tomoni OHICHKni Osiyo mintaqasida barqarorlik va inklyuziv rivojlanishga koʻmaklashish yoʻlida muloqotni mustahkamlashning muhim platformasi deb biladi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz ushbu tuzilma faoliyatidagi ishtirokini sezilarli darajada kuchaytirdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yil oktyabr oyida Ostona shahrida boʻlib oʻtgan OHICHK sammitida eʼlon qilingan tashabbuslarni kompleks tarzda amalga oshirish, yoshlar siyosati, ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohalarida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston 2020-2023-yillarda OHICHKning insoniy oʻlchov boʻyicha ishonchni mustahkamlash chora-tadbirlari koordinatori va Yoshlar kengashi hamraisi hisoblanadi. Ushbu tuzilma doirasida rejalashtirilgan tadbirlar jadvali, jumladan, joriy yilning aprel oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Yoshlar kengashining navbatdagi yigʻilishi muhokama qilindi.
Muzokaralarda mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring