Bayramni aytsa arzigulik mehnat yutuqlari bilan qarshi olyapmiz — Bobomurod Ochilov
Foto: “Xalq soʻzi”
Buxoro shahridagi Yoshlar markazida Konstitutsiyamizning 31 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etgan marosimda viloyat hokimi Botir Zaripov soʻz olib, Asosiy Qonunimizning jamiyat va xalq hayotidagi oʻrni haqida toʻxtaldi. Viloyatda joriy yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini sarhisob qildi.
— Bayramni viloyatimiz aholisi aytsa arzigulik mehnat yutuqlari bilan qarshi olmoqda, — deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Bobomurod Ochilov. — Shu oʻrinda bir misol: 2023-yil dasturlari doirasida viloyat boʻyicha 1112 ta obyekt barpo etildi. Xususan, mahalliy byudjet hisobidan 250 dan ziyod ijtimoiy soha obyektlari qurilgani, mukammal taʼmirlangani eʼtiborga loyiqdir. Bular shubhasiz, odamlarning oʻz hayotlaridan rozi boʻlib yashashlari yoʻliga xizmat qiladi, ayniqsa, yosh avlod vakillarining chuqur bilim olishlari, salomatliklarini mustahkamlashlari, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlarida qoʻl keladi.
Marosim yakunida viloyat sanʼatkorlari tomonidan tayyorlangan badiiy musiqiy dastur namoyish etildi. Yurt tinchligi, mustaqillik, ona Vatan madh etilgan kuy – qoʻshiqlar barchaga bayram kayfiyatini ulashdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring