Bayram arafasida yuridik texnikumi binosi foydalanishga topshirildi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo viloyat yuridik texnikumi Prezidentimizning 2020-yil 30-apreldagi tegishli farmoniga asosan tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda muassasada 335 nafar oʻquvchi uchta yoʻnalishda tahsil olmoqda.
Taʼkidlash joiz, oʻsha vaqtda texnikum uchun hududdagi sobiq kasb-hunar kollejlaridan birining boʻsh qolgan binosi ajratib berilgan, biroq u juda taʼmirtalab, mavjud shart-sharoitlari talabiga javob bermasdi.

Oʻtgan yili Adliya vazirligi tashabbusi bilan texnikum binosini taʼmirlash boshlandi. Bir yil davomida qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida texnikumning 2 ta oʻquv binosi, maʼmuriy bino, oshxona, kutubxona va yordamchi binolari tubdan qayta taʼmirlanib, zamonaviy koʻrinishga keltirildi. Zamonaviy kompyuterlar, oʻquv-uslubiy qurollari, zarur koʻrgazma vositalar bilan jihozlandi.
Bundan tashqari, axborot-resurs markazi, 5 ta katta maʼruzalar zali, 2 ta konferensiyalar zali, 2 ta talabalarga xizmat koʻrsatish markazi, yuridik klinika tashkil etildi.
Yangi yil bayrami arafasida texnikum binosining foydalanishga topshirilishi yanada tantanali tus oldi.

Tadbirda Adliya vazirligi, viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari, mehnat faxriylari, OAV vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi. Soʻzga chiqqanlar bugun mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqida toʻxtaldi.
— Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Farzandlari bilimli, isteʼdodli, oʻzining kuchi va salohiyatiga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning istiqboli albatta yorugʻ boʻladi”, — dedi Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov. — Bugun bu sohada amalga oshirayotgan barcha saʼy-harakatlarimizdan maqsad ham shunga qaratilgan.
Ishtirokchilar muassasada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, uning moddiy-texnik imkoniyatlarini yuqori baholadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring