Bayram arafasida bozorlar gavjumlashdi

17:38 27 Avgust 2025 Jamiyat
282 0

Yurtimizning eng ulugʻ, eng aziz ayyom — Mustaqilligimizning 34-yilligi bayram shukuhi kezib yuribdi. Shu munosabat bilan joylarda tashkil qilinayotgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari xalqimizning bayram kayfiyati va xarid qobiliyati oshishiga xizmat qilmoqda.

Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash hamda narx-navo barqarorligiga erishish uchun Samarqand viloyatidagi dehqon bozorlarida ham 20 ga yaqin arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilgan.

Samarqand shahridagi savdo yarmarkalariga mahsulotlar tumanlardan —fermer xoʻjaliklari tomonidan yetkazib berilmoqda. Misol uchun, “Temiryoʻl dehqon bozori”ga Oqdaryo, Toyloq va Pastdargʻom tumanlaridan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari keltirilyapti. Mustaqillik bayrami arafasida tashkil etilgan arzonlashtirilgan mahsulotlar savdo yarmarkasida 26 turdagi mahsulot arzon narxda keltirilmoqda. Bozorda kuniga oʻrtacha 3 tonnaga yaqin goʻsht mahsulotlari har kilogrammi 90 ming soʻmdan savdoga chiqarilmoqda.

— Joriy yilning 1-avgustidan Toshkent shahridagi “CHOP” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Hindistondan keltirilgan muzlatilgan goʻsht arzon narxda, kilogrammi 55 ming soʻmdan 80 ming soʻmgacha sotilmoqda, — deydi “Temiryoʻl dehqon bozori” 3-son veterinariya laboratoriyasi veterinariya vrachi Jamila Boltayeva. — Muzlatilgan holda import qilinayotgan goʻsht mahsulotlari bojxonada tekshiruvidan oʻtkazilgan holda kelyapti.

“Siyob dehqon bozori” joylashuvi va transport yoʻnalishlariga koʻra eng koʻp xaridor keluvchi gavjum bozorlar hisoblanadi. Bu yerda nafaqat shahar aholisi, balki tumanlardan keluvchilarning aksariyati mazkur bozordan xarid qiladi. Bozorda 8 ta goʻsht doʻkoni va 10 ta goʻsht rastasi bor. Kuniga 1,5-2 tonnagacha mol goʻshti sotilyapti.

—Yarmarka rastalariga Jomboy, Bulungʻur, Samarqand tumani dehqonlari oʻz mahsulotlarini taklif etishmoqda, — deydi “Siyob dehqon bozori” masʼuliyati cheklangan jamiyati iqtisodchisi Asror Hasanov. — Shuningdek, aholini arzonlashtirilgan goʻsht mahsulotlari bilan taʼminlash uchun Hindiston, Moʻgʻuliston davlatlaridan import qilingan goʻsht mahsulotlari savdosi yoʻlga qoʻyilgan. Masalan, Hindistondan import qilingan qoramol goʻshti 55 ming soʻmdan 80 ming soʻmgacha sotilmoqda. Moʻgʻulistondan keltirilgan qoʻy goʻshtining har kilosi 70-85 ming soʻmdan rastada turibdi. Xaridorning talabiga koʻra, mahalliy chorva mollari goʻshti 90 ming soʻmgacha sotilyapti.

Shu oʻrinda aytish kerakki, Samarqand viloyatida bugungi kunda 50 ga yaqin bozor va 10 dan ortiq savdo komplekslari mavjud. Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari esa ularning hammasida ham mavjud emas. Toʻgʻri, bunday yarmarkalar asosan aholi zich boʻlgan markaziy shaharlar hamda tuman markazlarida tashkil etiladi. Ammo, chekka hududlardagi mavjud bozorlarda ham yoʻlga qoʻyilsa, bu joylarda aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash hamda narx-navo barqarorligiga erishishga xizmat qilar edi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер