Bayden Tramp bilan debatda «qovun tushirdimi»? Ayrim demokratlar uni almashtirish masalasini faol muhokama qila boshladi

13:21 28 Iyun 2024 Dunyo
610 0

Foto: Reuters

AQSHning Demokratik partiyasi vakillari prezident Jo Bayden uchun muvaffaqiyatsiz debatdan soʻng uning nomzodini almashtirish masalasini muhokama qila boshlagan. Bu haqda «Politico» nashri oʻz manbalariga tayanib yozmoqda.

«Demokratlar prezident Jo Baydenning omadsiz chiqishidan soʻng shunchalik vahimaga tushdiki, baʼzilar bir paytlar soʻzlab boʻlmaydigan narsani — uni almashtirish haqida faol bahslashmoqda», deyiladi manbada.

Jo Bayden va Donald Tramp oʻrtasidagi birinchi debat juma kuni kechqurun boʻlib oʻtdi.

CNN oʻz manbalariga tayanib, Baydenning nutqidan soʻng AQSH Demokratik partiyasini vahima bosib olgani haqida xabar berdi.

Manbaning yozishicha, prezidentlikka demokrat nomzodlardan birining maslahatchisi asosiy donorlardan «falokat haqida» bir necha xabar olganini taʼkidlagan. Ular partiya bu masalani qandaydir yoʻl bilan hal qilishi kerakligini taʼkidlamoqda. Shu bilan birga, maslahatchi, agar Baydenning oʻzi saylovda qatnashishdan bosh tortishga qaror qilmasa, nimadir qilish mumkinligini tan oldi.

Uchta potensial nomzodga yaqin boʻlgan boshqa strateglarning aytishicha, bahs davomida ular matnli xabarlar bilan «bombardimon» qilingan. Ulardan biri Baydenga muqobil sifatida oʻzi vakillik qilayotgan nomzodni koʻrsatish boʻyicha soʻrovlar olganini taʼkidladi. Bu siyosatchining ismi tilga olinmagan.

«Politico» nashriga koʻra, asosiy donorlardan biri va Bayden tarafdori AQSH prezidentining saylovoldi kampaniyasini tugatish vaqti kelganini aytdi.

Nomi oshkor etilmagan donor Baydenning nutqini «eng yomoni» deb atadi va u shunchalik yomon boʻlganki, hatto Trampning yolgʻonlariga hech kim eʼtibor bermagan.

«Bayden saylovoldi poygasidan chiqib ketishi kerak. Bunda hech qanday shubha yoʻq», deyiladi uning SMS xabarida.

Shu yilning Avgust oyida Demokratik partiyaning milliy qurultoyi boʻlib oʻtadi. Unda Bayden prezidentlikka nomzod sifatida koʻrsatiladi. Nazariy jihatdan, siyosiy birlashma yoʻnalishini oʻzgartirishi va boshqa shaxsni taklif qilishi mumkin.

Jurnalist Seymur Xershning aytishicha, amaldagi prezident Trampga birinchi debatda yutqazsa, saylovoldi poygasida almashtirilishi mumkin.

Oʻz nutqi davomida Bayden qoqilib ketdi, notoʻgʻri gapirdi va oxirida rafiqasi yordamisiz sahnani tark eta olmadi.

AQSHda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni boʻlib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер