Bayden teledebatlarni boshqa muddatga koʻchirishga tayyor. Oq uyda esa yana koronavirusga chalinish holatlari aniqlandi
AQSH prezidentligiga Demokratlar partiyasidan nomzod Jozef Bayden oʻtgan hafta koronavirusga chalingan Donald Tramp bilan keyingi teledebatlar muddatini boshqa sanaga koʻchirishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu haqda uning saylovoldi shtabi vakili Keyt Bedingfild ABC telekanali efirida maʼlum qildi.
«Biz debatlar belgilangan sanada oʻtishi kerak deb hisoblaymiz, ammo bu koʻplab omillar, birinchi navbatda prezident Tramp salomatligi holati bilan bogʻliq. Biz u tezda va toʻliq tuzalib ketishini tilaymiz, — degan Bedingfild. — Biz munozaralar oʻz vaqtida oʻtishiga umid qilamiz, ammo grafikdagi har qanday oʻzgarishlarga ham shubhasiz tayyormiz».
Eslatib oʻtamiz, birinchi teledebat Ogayo shtati Klivlend shahrida oʻtgan hafta seshanba kuni tashkil etilgan edi. Unda raqiblarga moderator savollariga javob berishlari uchun ikki daqiqadan berildi. Shunda Bayden ham, Tramp ham bir-birlarini gaplarini boʻlishni boshlashdi. Oradan 10 daqiqa oʻtib esa siyosatchilar oʻzaro shaxsiyatlarga oʻtib ketishgan.
Ertasi kuni prezident teledebatlari boʻyicha komissiya kelgusi tortishuvlar formati ishtirokchilar oʻzlarini nomunosib tutishgani uchun oʻzgartirilishini maʼlum qildi.
Tramp va Baydenning ikkinchi debati 15-oktyabr kuni Florida shtati Mayami shahrida, uchinchisi esa Tenessi shtati Neshvil shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Saylovlar esa 3-noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Unda prezident, vitse-prezident, Kongress vakillik palatasining barcha 435 aʼzosi, Senatining uchdan bir qismi, 13 ta shtat va hududlar gubernatorlari saylanadi.
Xabaringiz bor, 2-oktyabr kuni Tramp va uning turmush oʻrtogʻida koronavirus aniqlangan edi. Ular Vashington yaqinidagi harbiy gospitalga joylashtirilgan. Oq uy matbuot kotibi Keyli Makinenining aytishicha, Trampning ahvoli yaxshi, va u yaqin kunlar ichida shifoxonada boʻladi hamda shu yerdan turib oʻz ishini davom ettirib turadi.
Maʼlumotlarga koʻra, yaqinda Trampning yordamchisi Xoup Xiks, sobiq maslahatchisi Kellienn Konuey, uch nafar respublikachi senator, Respublikachilar partiyasi milliy qoʻmitasi raisi Ronna Makdeniel, Oq uy saylovoldi kampaniyasi menejeri Uilyam Stepin, prezidentning shaxsiy yordamchisi Nika Luna, Oq uy press pulining uch nafar jurnalistida koronavirus aniqlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring