Bagʻrikenglikning ham chegarasi bor...

18:44 07 Iyul 2021 Jamiyat
1073 0

Soʻnggi vaqtlarda fermerlar gʻallasini tortib olinayotganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalmoqda.

Bu voqealarning hech bir qonunchiligimizga toʻgʻri kelmasligi haqida Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi oʻrinbosari Abdushokir Rahimov quyidagilarni soʻzlab berdi.

— Mamlakatimizda boshqa sohalarda boʻlgani kabi agrar tarmoqda ham bozor iqtisodiyoti tamoyillari keng joriy qilinmoqda, — deydi A.Rahimov. — Bu esa fermer va dehqonlarimizning yerdan foydalanish samaradorligi, yerlarning hosildorligi va moddiy manfaatdorligi oshishida qoʻl kelmoqda.

Fermer va dehqonlarimizni qoʻllab-quvvatlashda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martda qabul qilingan “Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal boʻlmoqda. 2021-yil hosilidan boshlab davlat gʻallaga xarid narx belgilash amaliyotidan toʻliq voz kechdi, davlat xaridi toʻliq bekor qilindi.

Fermerlar yetishtiradigan gʻalla barcha isteʼmolchilarga, jumladan donni qayta ishlovchi korxonalar, gʻallachilik klasterlari va treyderlarga birja savdolari orqali yoki toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida erkin narxlarda sotilishi belgilandi.

Endilikda, fermerlarimiz gʻallaning kontraktatsiya shartnomalarida nazarda tutilgan hajmlaridan ortiqcha qismi fermer xoʻjaligining oʻzida qoladi, oʻzi xohlagandek ishlatadi. Rejadan ortiqcha gʻallani klaster, tayyorlov korxonalari va boshqa isteʼmolchilarga erkin narxlarda sotishi mumkin.

Shunga yarasha, fermer va dehqonlarimiz “Koʻpni eksangiz koʻp oʻrasiz – ozni eksangiz oz oʻrasiz” degan naqlga amal qilib, ajratilgan yer maydonlaridan oʻrtacha 60-70 sentnergacha hosil olishga erishmoqda.

Bagʻrikenglikning ham chegarasi bor albatta, fermerning ham roʻzgʻori, oilasi, ishchisi bor, ularni ham rozi qilishi kerak. Biroq, fermerlarimizning mashaqqatli mehnati evaziga yetishtirilgan gʻalla rejasini bajarib ortiqcha qismidan moʻmay foyda olayotganligini koʻrolmaydigan va fermerning foydasiga sherik boʻladiganlar ham topilib qoladi.

Bunday shaxslarga xalqimizda “Mevasini yeb shoxini sindirma” degan naql borligini eslatib qoʻymoqchimiz.

Fermerlarning gʻalla rejasini bajargandan keyin ortiqcha gʻallasini olib qoʻyishga harakat qilgan har qanday mansabdor shaxslarga qonunga muvofiq maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanganligini unutmasligi lozim.

Albatta, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunning 16-moddasiga koʻra, fermer xoʻjaligi tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsuloti nazarda tutilgan hajmlarda yetkazib berilishini taʼminlash majburiyatiga ega.

Fermer davlat oldida, klaster korxonasi oldida bu majburiyatini bajardimi bas, ortiqcha reja qoʻyishga yoki ortiqcha gʻallasini olib qoʻyishga hech kimning haqqi yoʻq.

“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlari kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 2-moddasiga koʻra, xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida, mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina oʻz mol-mulkidan mahrum etilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-oktyabrdagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yana-da rivojlantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishi etib belgilangan.

Kengash va uning hududiy va tuman (shahar) kengashlari tomonidan fermer va dehqonlarning foydasiga sherik boʻlmoqchi boʻlgan, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan ayrim mansabdor shaxslarga nisbatan zarur choralari koʻrilmoqda.

Joriy yilning oʻtgan davrida hududiy va tuman (shahar) kengashlari tomonidan fermer xoʻjaliklarining manfaatlarini koʻzlab yetkazib beruvchi, tayyorlov va xizmat koʻrsatuvchi korxonalardan yetkazilgan zararlarni undirish yuzasidan sudlarga 4036 ta 217 mlrd. soʻmlik daʼvo arizalari kiritildi.

Fermerlarimizning huquqiy himoyasini tezkorlik bilan taʼminlash maqsadida tajribali huquqshunoslardan iborat ishchi guruh tuzilgan.

Ishchi guruh tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining huquqiy masalalar boʻyicha boʻlim boshliqlari kiritildi.

Hurmatli fermer va dehqonlar!

Fermerlar tomonidan yetishtirilgan bugʻdoyni rejadan ortiqcha qismini majburan olib qoʻyishga harakat qilish holatlari boʻyicha zudlik bilan ishchi guruhning Respublika kengashi vakili S.Xatamov
(71 233-06-79), Qoraqalpogʻiston Respublikasi J.Musulmonov (91-394-82-48), Andijon A.Siddiqov (93-257-80-06), Buxoro A.Raxmatov (99-424-63-00), Jizzax Oʻ.Turabov (93-297-88-38), Qashqadaryo B.Axmedov (99-676-04-65), Namangan B.Xoldorov (94-172-25-58), Navoiy K.Orziyev (97-322-93-67), Samarqand F.Umirov (93-996-91-42), Sirdaryo Sh.Joʻraqulov (97-277-03-09), Surxondaryo O.Sevarov (91-578-15-84), Fargʻona X.Yoʻldashev (91-651-05-38), Xorazm B.Xudoyberganov (99-969-99-27, 0-362-224-19-76) va Toshkent viloyati vakili X.Rasulovalarga (0-370-76-25-344, 99-493-40-50) ishonch telefonlari orqali xabar berishingizni soʻraymiz.

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Sizga madadkor va Sizning qonuniy faoliyatingizni qoʻllab-quvvatlaydi.

Har bir qonunbuzilishi holatlari yuzasidan tegishli choralar koʻrilishini kafolatlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер