Bagʻdodning Gulistonidagi koʻp qavatli uylar sifatsiz qurilganmi?
Foto: Халқ сўзи
Shu kunlarda Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanidagi Guliston mahallasida bunyod etilgan koʻp qavatli uylarning poydevor qismi va devorlarida yoriqlar paydo boʻlgani uchun baʼzi uylar buzilayotgani haqida turli xabarlar tarqaldi.
Bugun hamyurtlarimiz oʻrtasida qizgʻin muhokama va turli munosabatlarga sabab boʻlayotgan ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida Fargʻona viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan mahalliy va respublika OAV vakillari, blogerlar ishtirokida zamonaviy shaharcha boʻylab press-tur tashkil etildi. Unda ishtirok etgan “Xalq soʻzi” muxbiri tumandagi 4 ta sektor rahbarlari, tegishli mutasaddi idoralar masʼullari hamda yangi uy sohiblari bilan suhbatlashdi.
— Atigi olti oyda markazdan olisda joylashgan bitta mahallada 61 ta — 1 ming 250 xonadonli koʻp qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirilgani aslida davlatimizning yuksak iqtisodiy salohiyati va qudratidan dalolatdir, — deydi Bagʻdod tumani hokimi Vosiljon Nazarov. — “Mahallabay” oʻrganishlar jarayonida tumanda eng ogʻir muammo — uy-joy masalasi ekanligi aniqlangach, mazkur tashabbus ilgari surildi. Boisi tumanda 3 mingta oila ikki va undan ortiq kelini bilan yashayotgani uchun har oyda oʻrtacha 350-400 ta oila uy-joy taʼminoti masalasida yordam soʻrab murojaat qilar edi.
Bu uylarning 48 tasi 29 nafar xususiy tadbirkorning mablagʻi hisobiga qurib bitkazildi. Bugun mamlakatimizda “Bagʻdod tajribasi” sifatida eʼtirof etilayotgan mazkur qurilish jarayonida hududda megapolis shaharlarga xos zamonaviy infratuzilma yaratildi. Hozirgi kunda shaharchaga 900 ga yaqin oilalar koʻchib kelib istiqomat qilmoqda.
Fargʻona viloyati qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi boshligʻi Saidjon Zokirovning maʼlum qilishicha, loyihadan tortib, barcha jarayonlar 22 nafar inspektor, texnik boʻlim, sifat laboratoriyasi mutaxassislari nazoratida boʻldi. Shuning uchun ham shaharchadagi birorta koʻp qavatli uyda poydevor qismi va devorlarida yoriqlar kuzatilgani yoʻq. Oʻz-oʻzidan uylarning buzilayotgani haqidagi xabarlar ham yolgʻon.
Manzura Homidova ushbu mahallaning Bunyodkor koʻchasi, 7-uy, 4-xonadonda yashaydi.
— Ikki xonali uyda turmush oʻrtogʻim, ikki farzandimiz bilan zamonaviy sharoitda yashayapmiz. Uy sifati bilan bogʻliq muammo yoʻq. Agar kim shunday xabar tarqatgan boʻlsa, biznikiga mehmonga kelsin. Oʻz koʻzlari bilan koʻrishsin va havas qilishsin, — deydi M. Homidova.
— Koʻp yillardan buyon koʻzim yaxshi koʻrmagani uchun qiynalaman, - deydi Bunyodkor koʻchasi, 15-uy, 3-xonadon egasi Xudoybergan Ismoiddinov. — Gapning ochigʻi, bunday ahvolda roʻzgʻordan orttirib, yigirma yilda ham uch xonali bu kabi shinam uyni sotib ololmas edim. Keyin uyning sifatida boʻyicha ham hech qanday eʼtiroz boʻlishi mumkin emas. Doimiy shifokor nazoratida ekanligimni inobatga olib, tuman hokimligi uyning boshlangʻich badalini toʻlab berdi. Turmush oʻrtogʻim hududdagi xususiy korxonaga ishga joylashdi. Oʻtgan qisqa fursatda uyli, muqim daromadli boʻlib, oilamizning ahvoli butkul oʻzgardi.
Guliston mahallasida bugun chin maʼnoda obodlik, farovonlik hukm surmoqda Ijtimoiy tarmoqlarda anonim tarzda baʼzi uydirmalarni tarqatayotganlarga xulosa oʻrnida bir gapni aytish mumkin: pana-pastqamda yashirinib, tosh otish oʻrniga, keling, bu yerdagi yangilanish va oʻzgarishlar zora mudrab yotgan vijdoningizni uygʻotib borsa...
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring