Bagʻdodlik fermerlar “xettrik”ka erishdi
Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumani mirishkorlari bu yil qishloq xoʻjaligida oʻziga xos “xettrik” qayd etishdi. Chillaki hosil – pilla yetishtirish va davlatga gʻalla sotish rejalarini ortigʻi bilan uddalashga muvaffaq boʻlgan dehqonlar 11-oktyabr kuni paxta tayyorlash rejasini ham bajarishdi.
Joriy mavsumda 5 ming 200 gektar maydonga baraka urugʻini qadagan bagʻdodliklar davlatimiz xirmoniga 14 ming 400 tonnalik hissa qoʻshishni maqsad qilishgandi. Asl mirishkorlar bu miqdorni 15 ming 600 tonnaga yetkazishmoqchi.
Eʼtiborlisi, tumanda bu yilgi mavsumda har gektar yerdan 40-45 sentnerdan hosil olgan fermerlar safi kengaydi. Jumladan, “Amirobod”, “Onajon”, “Bogʻi Eram”, “Bardosh elita fayz”, “Yashil vodiy paxtazori”, “Temirov Zaynullo”, “Poyqadam Bagʻdod”, “Nurmuhammad bogʻi”, “Qorakoʻl paxtazori” kabi fermer xoʻjaliklarida ana shunday yuqori koʻrsatkichlar qayd etildi. Ularning har biri paxtachilikdan 200-250 million soʻm daromad olmoqda.
- Biz bu gʻalabani 23 yil kutdik, - deydi tuman hokimining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Orifjon Halimov. – Hozirgacha esimda bor, 1993-yilda tumanimiz paxtakorlari rejani bajarishga muvaffaq boʻlishgan. Lekin oʻsha yili gʻallachilikda ishimiz yurishmagandi. Oʻshandan buyon belgilangan rejalarni uddalash dehqonlarimizga armon boʻlib qolayotgandi. Mana, oradan shuncha yil oʻtib, qishloq xoʻjaligining 3 ta yoʻnalishida yuqori natija qayd etib turibmiz. Bundan fermerlarimiz ham, xalqimiz ham juda xursand.
Ayni paytda tumanda 2020-yil hosili uchun don ekish ishlari qizgʻin davom etmoqda.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring