Bagʻdodda bahorgi yumushlarga kirishildi

18:28 02 Mart 2020 Jamiyat
1464 0

Yurtimizda xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishda milliy urf-odatlarimiz va ularning zamirida mujassam boʻlgan mehr-oqibat, turli muammolarni birgalashib hal qilish kabi ibratli qadriyatlar tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu borada maʼnaviy hayotimizning uzviy qismiga aylangan hashar istiqlol davrida yangicha maʼno-mazmunga ega boʻlib, umummilliy anʼanaga aylangan.

Zero, hasharlar paytida mahalla hududlari, guzarlar, koʻchalar, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni tartibga keltirish, yolgʻiz qariyalar, nogironlar, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish, jamiyat tafakkurining yangilanishida muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, hashar ming yillar mobaynida kishilar oʻrtasidagi bir-biriga oʻzaro yordam, insonparvarlik, olijanoblik, saxovatpeshalik kabi ezgu tuygʻularni yoshlar ongiga singdirishga xizmat qiladi.
 

Bugun Bagʻdod tumanining “Xoʻjaqishloq” MFY aholisi yoppasiga hasharga chiqdilar. 8-Yoʻldoshobod saylov okrugidan tuman Kengashi deputatligiga saylangan Hoshimjon Yuldashevning aytishicha, kun yarmiga qadar 2 km. masofadagi ariqlar texnika vositalari koʻmagi bilan, yana shuncha masofadagi ariqlar esa hasharchilarning qoʻl mehnati bilan kovlanib-tozalandi. Bundan tashqari, 10 km.dan ortiq ichki ariqlarda ham tozalov ishlari olib boriladi, mevali-manzarali daraxtlarga ishlov beriladi, yoʻl yoqalari tartibga keltiriladi. Ertaga esa, bu kabi ezgu saʼy-harakatlar qishloq qabristonida davom ettiriladi.
 

Bunday koʻtarinkilikni tumanning “Qaroqchitol” mahalla fuqarolar yigʻinida ham yaqqol koʻrish mumkin. MFY raisi Toʻlqinjon Rahmonovning aytishicha, hasharda 800 ga yaqin qishloqliklar qatnashib, 4 km.dan ortiq masofadagi ariqlar tozalandi, qishloq qabristoni obodonlashtirildi, qatnov yoʻllari yoqalariga 300 tup manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. 5,2 tonna chiqindi va axlatlar olib chiqib tashlandi.

Elyorjon EHSONOV(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер