Ajal sari chorlovchi yoʻldan ketayotganlar qoʻlga olindi
Giyohvand moddalarning salbiy oqibatlari haqida koʻp gapirdik. Unga qarshi kurash choralari keng qoʻllanilmoqda. Shunday boʻlishiga qaramay, joylarda bu illatni oʻzlari uchun kasb qilib olgan va bu borada ularga sharoit yaratib berayotgan hamyurtlarimiz uchrab turibdi. Andijon viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan «Nazoratli xarid» tezkor tadbiri davomida ana shu toifa zamondoshlarimiz faoliyatiga chek qoʻyildi. Misol uchun, Andijon shahar Bobur shox koʻchasida yashovchi, 1987-yilda tugʻilgan fuqaro A.Sh. Andijon shahar MJK koʻchasida yashovchi 1991-yilda tugʻilgan fuqaro N.A. bilan birgalikda maxsus xaridorga 2,75 gr. «gashish» giyohvand moddasini 800.000 soʻmga sotayotganida qoʻlga olindi. Shuningdek, ushbu shaxslarning yoni koʻzdan kechirilganida, A.Sh.ning egnidagi kurtkasi choʻntagida 0,25 gr. gashish giyohvand moddasi borligi aniqlangan.
IIV JQBB Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasining maʼlum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksning 273-modda 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Giyohvand moddalar taʼsiri oʻnlab mudhish holatlarga sabab boʻladi. Jumladan, ruhiy holatni izdan chiqarib, aqldan ozdiradi, nogiron farzandlar dunyoga kelishiga sabab boʻladi. Inson oʻz sogʻligini, hayotini, umrini zaharlaydi. Unga tobe boʻlish oʻlim bilan yakun topadi. Endi ayting, bizga shu kerakmi?
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring