Ayolni qadrlagan din

16:14 04 Mart 2021 Jamiyat
2665 0

Ayol — muqaddas xilqat. Uning buyukligi, moʻtabarligi Islom dini asoslarida belgilab oʻtildi. Islom ayollarning haq-huquqlarini tikladi, ularni koʻklarga koʻtarib, hurmatlarini joyiga qoʻydi.

Muqaddas dinimiz inson oʻrnida koʻrilmayotgan, mislsiz aziyatlar girdobida qolgan ayolni hurmat qilish va uning huquqlarini taʼminlashni vazifa qilibgina qolmay, hatto buni ibodat darajasiga koʻtardi. U oilada qiz farzand dunyoga kelsa, motam emas, balki oʻgʻil tugʻilgandan-da koʻproq xursand boʻlishni amalda joriy qildi. Qizlarni yaxshi tarbiya qilganlarga oʻgʻil bolalarni tarbiya qilganlarga nisbatan koʻproq darajalar vaʼda qilindi. 

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimning uch qizi yoki singlisi boʻlsayu, u ularning xarxashalariga, ogʻirliklariyu qiyinchiliklariga sabr qilsa, Alloh uni ularga koʻrsatgan rahmati tufayli jannatga kiritur». Bir kishi:

– Ikki nafar boʻlsa-chi, ey, Allohning rasuli? – deb soʻradi.

– Ikki nafar boʻlsa ham, – dedilar.

Bir kishi:

– Bir nafar boʻlsachi, ey, Allohning rasuli? – deb soʻradi.

– Bir nafar boʻlsa ham, – dedilar» .

Qiz farzandni dunyoga keltirgani uchun motam tutib, xotiniga gʻazab qilib, qizini tiriklayin koʻmgan erkakka ayolning omonat ekani Paygʻambar alayhissalom tarafidan maʼlum qilindi. Bu bilan begunoh koʻmilishi ehtimoli boʻlgan qizlarga vahshiyona muomala qilinishiga chek qoʻyildi. Ularni barkamol kamolga yetishi hamda taʼlim va tarbiyasi uchun zarur boʻlgan har bir narsani otaning zimmasiga farz qilindi. Vahshiylashib ulgurgan xalqni bu gunohi azimdan qaytarib, mehr-muruvvat koʻrsatadigan, qizlariga mehribon ota darajasiga Islom olib chiqdi.

Makka fathi kuni Ummu Honiʼ binti Abu Tolib bir dushman mushrikni oʻz himoyasiga olib, boshpana berdi. Keyin, ukasi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu buni bilib qolib, oʻsha dushman mushrikni oʻldirmoqchi boʻldi. Shunda Ummu Honiʼ Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib, boʻlgan gapni aytganida, U zot alayhissalom: «Ey, Ummu Honiʼ, kimni himoyangga olgan boʻlsang, biz ham uni oʻz himoyamizga oldik. Kimga omonlik bergan boʻlsang, biz ham unga omonlik berdik», – dedilar (Imom Abu Dovud rivyaoti).

Islomdan oldin oʻzini, dunyoga keltirgan qizini himoya qila olmagan ayol, endi xohlagan kishisiga hatto siyosiy boshpana berish huquqiga ega boʻldi – tom maʼnodagi homiyga aylandi.

Ayolni, uning hamma huquqlarini yuksaklarga koʻtargan Islom onaning farzandi hukmronligidan xalos qilishdek muammoni ham hayratlanarli tarzda bitta jumla bilan hal qildi. Bu hayratomuz jumla Paygʻambar alayhissalom tilidan jaranglagan “Jannat onalar oyogʻi ostidadir” (Imom Quzoʻiy rivoyati), hadis edi. Shu bilan onalariga hukmron farzandlar, onalari oldida xokisor boʻlishni baxt deb bilgan boʻlsalar, farzandlar hukmronligi ostida boʻlgan onalar mislsiz martabani topishdi.

Alloh taolo Qurʼondagi eng katta suralardan birida ayollarga bogʻliq hukmlarni bayon qildi va bu surani “Niso” – “Ayollar” deb nomladi. Qurʼondagi «Mujodala» surasining nozil boʻlishi ham bir mushtipar ayol tufayli edi.

 Islom kelmasidan avval arablarning johiliyat tuzumida er oʻz xotiniga: “Sen men uchun onamning belidek haromsan” deb aytsa, oralaridagi eru xotinlik aloqalari abadiy barbod boʻlardi, turmushlari buzilardi. Bu oʻsha davr arablar tilida “zihor» deyilardi.

Bir kuni Havla binti Saʼlaba ismli ayolni eri, Avs binti Saʼlaba ismli ayolni eri Avs bin Somit zihor qildi. Avs jahlidan tushgach, afsuslandi va “Endi sen menga harom boʻlgan boʻlsang kerak”, dedi. Havla boʻlsa: “Allohga qasam, bu taloq emas”, – dedida, qoʻshni ayolning kiyimini qarzga olib, bu masala hukmini aniqlash uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga yoʻl oldi. U zotning oldilariga kelib:

 – Ey, Allohning Rasuli, erim Avs ibn Somit yosh, boy va aqlu hushli paytimda menga uylandi. Molimni yeb tugatdi, yoshligimni barbod qildi, aqlimni sustlatdi va yoshim ulugʻ boʻlgan bir damda meni zihor qildi. Endi oʻzi bu zihordan afsus qilmoqda. Bizlarning yana qayta qoʻshilishimizga biror yoʻl bormi? – dedi.

– Unga harom boʻlibsan, – dedilar Paygʻambar alayhissalom.

– Sizga Qurʼonni tushirgan zot bilan qasamki, u taloqni zikr qilgani yoʻq. U mening bolamning otasi, eng sevimli kishimku, axir! – dedi Havla.

– Unga harom boʻlibsan, – dedilar Paygʻambar alayhissalom.

– Mushkulimni va yolgʻizligimni Allohning oʻziga shikoyat qilaman, men erim bilan uzoq hayot kechirdim, undan farzandlar koʻrdim, – dedi Havla.

–Unga harom boʻlibsan, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va salam va “Sen toʻgʻringda biror amr kelgani yoʻq”, – deb qoʻshib qoʻydilar.

Havla binti Saʼlaba tinmay Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan tortishaverdi. Qachon u zot alayhissalom: “Sen unga harom boʻlibsan”, – desalar, Havla: “Mushkulimni, yolgʻizligimni va holimning ogʻirligini Allohning oʻziga shikoyat qilaman”, – der edi.

Ushbu tortishuv chogʻida Havla binti Saʼlaba:

– Axir, mening yosh bolalarim bor, men bilan boʻlsalar, och qoladilar, u bilan boʻlsalar, zoeʼ boʻladilar, – der va boshini osmonga koʻtarib:

– Ey, Allohim, Oʻzingga yolvoraman. Ey, Parvardigor, Paygʻambarning tiliga mening mushkulimni oson qiluvchi narsani tushir, – derdi. Birdan Paygʻambar alayhissalom jim boʻlib qoldilar. Vahiy tushganda boʻladigan holat yuzaga keldi. Bir muddatdan keyin u kishi muborak boshlarini koʻtardilarda:

– Alloh taolo sen va sening ering haqida oyat tushirdi, – dedilar va quyidagicha boshlanadigan oyatlarni tilovat qildilar:

“(Ey, Muhammad!) Alloh Siz bilan oʻz eri haqida bahslashayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan ayolning soʻzini eshitdi. Alloh siz ikkingizning soʻzlashuvingizni eshitur. Albatta, Alloh eshituvchi va koʻruvchidir”» (Mujodala surasi, 1-oyat).

Bu oyatlarda johiliyatning zihor hukmi botil (yaʼni bekor) qilinganligi bayon etilgan. Eʼtibor beraylik, kechagina jamiyatda hech qanday oʻrni boʻlmagan va oʻzi haqida biror fikr bildirish huquqi boʻlmagan, hatto oʻzining eri uning fikrini eshitmagan ayolni bugun barcha olamlar yaratguvchisi Alloh yetti osmon ustida turib eshitdi. Uning fikriga, talabiga mos oyatlarni tushirdi, talabini qondirdi. Endi bu ayolning fikriga, talabiga mos boʻlib tushgan mazkur oyatlar, oʻqilganda moʻminlarga shifo boʻladigan, oʻqilishi qiyomatgacha ibodat sanaladigan qilib Qurʼonga bitib qoʻyildi. Hali inson ayolga nisbatan bunday hurmat eʼtiborni koʻrmagan, koʻrmaydi ham. Ayol hurmat, eʼtiborning bu shohsupasiga faqat Islom tufayligina erishdi.

 Xalifa Umar ibn Xattob oʻz xalifalik davrida bir guruh kishilar bilan ketayotgan edilar. Bir ayol u kishini uzoq toʻxtatib qoldi. Vaʼz, nasihat qildi. “Ey, Umar, – dedi ayol – yaqindagina «Umarcha” eding. Ulgʻayganingdan soʻng, “ey, Umar”, deb ataladigan boʻlding. Endi esa senga “ey, moʻminlar amiri”, deb murojaat qilmoqdalar. Allohdan qoʻrq, ey, Umar! Kim oʻlimga ishonsa, umrini bekorga oʻtkazishdan qoʻrqadi, Kim hisob-kitobga ishonsa, azobdan qoʻrqadi, deb yana soʻzini davom ettiraverdi ayol.

Hazrati Umar boʻlsalar, jim quloq solib turaverdilar. Atrofidagilar u kishiga: “Ey, moʻminlarning amiri! Bir kampirga ham shunchalik toʻxtab turasizmi?” – deyishganda, hazrati Umar ularga: «Allohga qasamki, u kunning avvalidan oxirigacha ushlab tursa ham, farz namoz vaqtidan boshqa vaqtda turaveraman. Bu kampirning kimligini bilasizlarmi oʻzi? Bu Havla binti Saʼlaba. Uning soʻzini Alloh yetti osmonning ustidan eshitgan. Olamlarning Rabbisi uning soʻzini eshitadiyu, Umar eshitmasmidi?!» – dedilar.

 Islom bu voqea orqali ayol qadrini nafaqat yuksaklarga koʻtardi, balki bu qadr-qimmat oldida, erkakning, erkaklarning yaxshisining ham boshini egib qoʻydi.

Bir kuni Umar ibn Xattob oʻz davrlarida mahr miqdori ortib ketganini mulohaza qildilar. Bu masalani hal etish uchun koʻpchilik ichida xutba qilib, mahrni cheklash maqsadida: «Ogoh boʻlinglar, ayollarning mahrida haddan oshmanglar. Agar bu dunyoda ikrom, Allohning huzurida taqvo boʻladigan boʻlsa, unga sizning eng haqligingiz Paygʻambar alayhissalomdir. U kishi oʻz ayollaridan birortasiga oʻn ikki uqiya (oʻlchov birligi)dan ortiq mahr bermaganlar, U zot qizlarining birortasiga ham bundan ortiq mahr berilmagan» – dedilar.

 Shunda bir ayol oʻrnidan turib: «Ey, Umar! Alloh taolo: «Va u (ayol)lardan biriga qintar – cheksiz mahr bersangiz ham» dediyu, sen bizga buni chegaralaysanmi?!» – dedi. Xutbasi bu shaklda boʻlingan xalifa: “Ayol toʻgʻri aytdi, Umar xato qildi”, – deb oʻz xatosini hammaning oldida tan oldi.

Islomdan oldin mahrdan biror chaqa ham qoʻliga tegmay, buyum sifatida sotib yuborilayotgan ayol, bugun Islom tufayli mahr masalasida xalifani ham toʻxtatib qoʻya oldi. Ayol hatto xalifaning ham xatosini toʻgʻrilay oladigan darajaga koʻtarildi.

Nabiy alayhissalom 6 hijriy yilda 1400 sahoba bilan Madinadan Baytullohning ziyorati uchun borganlarida, mushriklar Hudaybiya nomli joyda yoʻlni toʻsdilar. Oʻsha yerda sulh tuzilib, musulmonlar Kaʼbani ziyorat qilmay qaytib ketadigan boʻldilar. Paygʻambar alayhissalom sahobalariga bu gapni eʼlon qilib: “Turinglar, shu yerda qurbonliklaringizni soʻyib, sochlaringizni oldiringlar”, – dedilar. Sahobalar norozi boʻlib, oʻrinlaridan qimirlamadilar. Paygʻambar alayhissalom amrni uch marta qayta-qayta takrorlasalar ham, biror kishi qimir etib qoʻymadi. U zot gʻoyat mahzun boʻlib, chodirga – jufti halollari Ummu Salama huzuriga kirdilar. Boʻlgan voqeani u kishiga aytib, oʻtgan ummatlar ham shunday ishlar tufayli halok boʻlganligi, shuning uchun gʻoyat tashvishda ekanliklarini qoʻshimcha qildilar. Shunda Ummu Salama Paygʻambar alayhissalomga har qanday dono vazir ham bera olmaydigan maslahatni berdilar:

– Ey, Allohning Paygʻambari, aytgan amringiz boʻlishini xohlaysizmi? Tashqariga chiqing. Ulardan birortasiga bir kalima ham soʻz aytmay qurbonlik tuyalaringizni soʻying. Soʻng sartaroshingizni chaqiring, sochingizni olsin, – dedilar.

Paygʻambar alayhissalom chiqib, xuddi Ummu Salama aytganlaridek qildilar. Buni koʻrgan sahobai kiromlar ham shoshib qurbonliklarini soʻyib, sochlarini oldira boshladilar.

Abduqahhor YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер