Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmasi rahbarining axboroti eshitildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitalarining qoʻshma majlisida Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmasi rahbarining 2021-yil va 2022-yilning birinchi yarim yilligida avtomobil yoʻllarini rivojlantirish jamgʻarmalari tomonidan sohani rivojlantirish uchun ajratilgan mablagʻlarning sarflanishi holati toʻgʻrisidagi axboroti muhokama etildi.
Qayd etilganidek, 2021-yilda respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan yoʻl xoʻjaligi sohasini rivojlantirish, yaʼni avtomobil yoʻllari sohasidagi loyihalarni qurish-taʼmirlash, ekspluatatsiya qilish va yoʻl xoʻjaligidagi tashkilotlarni saqlash maqsadida 10,1 trln soʻm ajratilgan.
Hududiy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish jamgʻarmalarining 2021-yil yakunlari boʻyicha umumiy tushumlari 4 276,8 mlrd soʻmni tashkil etgan boʻlib, shundan 2021-yilda 4 049,0 mlrd soʻm mablagʻ sarflangan.
2022-yilda 7,8 trln soʻm ajratilishi nazarda tutilgan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida ajratilgan mablagʻlar 3 194,0 mlrd soʻmi yoki yillik rejaga nisbatan 41 foiz oʻzlashtirilgan.
Hududiy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish jamgʻarmalarining 2022-yil birinchi yarim yillikdagi umumiy tushumlari 1 846,9 mlrd soʻmni va xarajatlari 820,9 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Ajratilgan mablagʻlar hisobiga hisobot davrida 3 317,6 km dan ortiq umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari va 17 382 km dan ortiq ichki yoʻllarda qurish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, Moliya vazirligi, Bosh prokuratura va Hisob palatasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar tahliliga, mamlakatimizda yoʻl xoʻjaligi sohasiga ajratilgan mablagʻlarni sarflashda qator muammo va kamchiliklar mavjudligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Jumladan, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining 2021-2022-yillarda yoʻl xoʻjaligi loyihalarida amalga oshirilgan qurish-taʼmirlash ishlarini oʻrganishlari koʻrsatganidek, 45 ta holatda 34 575,2 mlrd soʻmlik mablagʻlar samarasiz va noqonuniy sarflangan.
Shundan 2022-yil ikkinchi chorak yakuni boʻyicha jami 23 177,4 mlrd soʻmlik qurilish-montaj ishlari qonunga zid ravishda sarflangan.
Bundan tashqari, Bosh prokuratura tomonidan olingan maʼlumotlarga koʻra, 2021-yil va joriy yilning birinchi yarmida prokuratura organlari hududiy jamgʻarmalarda jami 20 ta tekshirish oʻtkazib, nazorat tadbirlarida aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 6 ta taqdimnoma kiritilgan, 12 nafar mansabdor shaxsga ogohlantirish eʼlon qilingan, 11 nafar shaxs intizomiy va 21 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, qoʻpol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 12 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.
Misol uchun, Namangan viloyati Pop tumanidagi 4R-125 “Gʻurumsaroy - Xonobod - Chodak - Guliston” avtomobil yoʻlining 10–37 km qismida loyiha qiymati 3 mlrd soʻmlik kapital taʼmirlash ishlarini bajarishda “Namangan koʻpriklardan foydalanish” UK mansabdor shaxslari tomonidan haqiqatda bajarilmagan 2,5 mlrd soʻmlik ish hajmini hisobotlarga qoʻshib yozish orqali jamgʻarma mablagʻlarini talon-toroj qilingani aniqlangan.
Shu bilan birga, yoʻl ishlari dasturlari tasdiqlangandan soʻng yil davomida ularga qoʻshimcha obyektlarning kiritilishi hisobiga yildan-yilga oʻtuvchi obyektlarning soni va qiymati ortib borishiga sabab boʻlmoqda. Ushbu obyektlarning yillar davomida foydalanishga topshirilmasligi oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.
Jumladan, obyektlarning dastlabki qiymatiga nisbatan bir necha bor qimmatlashishiga, avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash sifati pasayishiga, byudjet mablagʻlaridan samarasiz foydalanishga va xarajatlarning keskin oshishiga olib kelmoqda.
Yildan-yilga oʻtuvchi obyektlarning qurish jarayoni davom etayotganligi, buning hisobiga loyiha-smeta hujjatlaridagi qurilish materiallarining narxlari bir necha bor qimmatlashayotganligi uchun buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarning bekor qilinishi holatlari ham koʻpaymoqda.
Oqibatda, obyektning qoldiq ish hajmlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari qayta ishlab chiqilganda, obyektning qiymati dastlabki qiymatga nisbatan bir necha bor ortib ketmoqda.
Bundan tashqari, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun hisobvaraq fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish tizimini majburiy tartibda joriy etish belgilangan boʻlsada, qurilish sohasida hisobvaraq-fakturalarning tuzilishi jihatidan farq qilganligi uchun qurilish sohasida bajarilgan ishlar qogʻoz shaklida qabul qilinmoqda, shuningdek, qurilish sohasiga mos boʻlmagan elektron hisobvaraqlar ham toʻldirilmoqda.
Bu, birinchi navbatda, qurilish sohasida qoʻshib yozishga, debitorlik va kreditorlik qarzlarini nooʻrin oshib ketishiga, ish turlari boʻyicha bajarilgan ishlar hajmi boʻyicha oyma-oy hisobotlarni shakllanmasligiga va noaniqliklarga olib kelmoqda.
Muhokama yakunida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga koʻrsatmalar berildi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitalarining qoʻshma qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring