Avtomobil yoʻllari — iqtisodiyotning muhim boʻgʻini
Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Jonajon yurtimiz xaritasiga bir qur nazar tashlasangiz, Sirdaryo uning markazida joylashgan. Bu viloyatning transport, logistik ahamiyati, “iqtisodiyot arteriya”larining oʻzaro uygʻunlashuvidagi oʻrni benihoya katta. Sirdaryoni bir tarafi Qashqar, ikkinchi tarafi Istanbul, shimolda Sibir oʻrmonlari, janubda Chorbahor va Karachi portlariga borib tutashadigan salkam 260 kilometr xalqaro avtomobil yoʻllari kesib oʻtadi.
Yoʻli sozning ishi soz
Yoʻllarni soz, zamonaviy infratuzilmalar bilan uygʻunlashgan, har tomonlama qulay holatga keltirishga sarflangan har bir soʻm iqtisodiyot rivojlantirishga yuz minglab soʻm miqdorida foyda keltirishi barchaga ayon. Sirdaryo viloyatida salkam bir ming besh yuz kilometrlik davlat va mahalliy ahamiyatga ega yoʻllarni yuk, yoʻlovchi tashish uchun ravon holatga keltirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan. Quvonarlisi, 2024-yilning oʻzida ushbu yoʻllarning ikki yuz yetmish besh kilometrida joriy taʼmirlanish ishlari olib borildi.

Yoʻl qurilishi koʻp qatlamli va komponentli, katta mablagʻ talab etadigan jarayon. Sirdaryo viloyati avtomobil yoʻllarini taʼmirlashga joriy yilning olti oyi davomida 46 milliard soʻm mablagʻ sarflangani buning yaqqol isbotidir.
— Keyingi yillarda avtomobil yoʻllari qurilishiga zamonaviy texnika va texnologiyalarning qoʻllanishi ularning foydalanishga topshirilish muddati va sifatiga ijobiy taʼsir etdi, — deydi Sirdaryo viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Zafar Umarqulov. — Ayniqsa, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarning maxsus texnikasi qoʻllanilishi taʼmirlash ishlari olib borilishida burilish yasadi. Xalqaro ahamiyatga ega M-39, M-34, A-376 avtomobil yoʻllarida olib borilayotgan qurilish-taʼmirlashda ana shu tarzda yuqori sifatga erishildi. Jumladan, M-34 avtomobil yoʻlining Guliston — Yangiyer oraligʻini kengaytirish, metall karkasli va beton toʻsiqlar oʻrnatilishi yoʻlni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqdi.
Sohadan ozmi-koʻpmi xabardor shaxs koʻpriklar qurilishi va taʼmirlanishi anchayin mashaqqatli va murakkab jarayon ekanini yaxshi biladi. Koʻprik qurilishida unga tushadigan yuk bosimi, koʻprikning oʻtkazuvchanlik qobiliyati, yaroqlilik muddati puxta hisoblab chiqiladi. Koʻprik qurilishiga eng sifatli poʻlat, beton qoʻllanilishining boisi ham shundan. Ana shunday murakkab talablarga qaramasdan joriy yilda viloyatdagi yettita koʻprik ham taʼmirlanib, avtomobillar oʻtishi uchun toʻliq yaroqli holatga keltirildi.
Xavfsizlik va ravonlik asosiy shart
Avtomobil yoʻlini foydalanishga yaroqli holatda saqlashning muhim jihatlaridan biri unga tushadigan yuk va hajm parametrlari talablariga rioya etilishidir. Bir soʻz bilan aytganda, agar har bir kvadrat metrga meʼyordan oshiq miqdorda yuk bosim tushsa yoʻl choʻkadi, buziladi. Hajm talablari ham xuddi shu kabi yoʻl infratuzilmasi va harakat xavfsizligiga monand tarzda belgilangan.

— Amaliyot shuni koʻrsatadiki, belgilangan meʼyorlardan koʻp yuk ortgan holda harakatlanish avtomobil yoʻli buzilishiga ob-havo va boshqa tabiiy omillardan aslo kam taʼsir qilmaydi, — deydi Sirdaryo viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi bosh muhandisi Tolibjon Yoʻldoshev. — Shu bois Sirdaryo viloyatidagi mavjud yoʻllar buzilishining oldini olish maqsadida Oqoltin tumanida yuk avtomobillari ogʻirligini nazorat qiluvchi koʻchma tarozi oʻrnatildi. “Tenzo-M” rusumli koʻchma tarozi transport vositasida 200 kilogrammdan 20 tonnagacha boʻlgan yuklarning vaznini oʻlchaydi. Koʻchma tarozi transport vositalariga ortiqcha yuk ortilganligini aniqlagan taqdirda belgilangan tartibda vazn barqarorlashtiriladi.
Kelgusida xalqaro ahamiyatga ega M-34 “Toshkent — Dushanbe” avtomobil yoʻlining 141-kilometrida joylashgan Sirdaryo postiga ham tarozi oʻrnatish boʻyicha amaliy harakatlar boshlangan.
Shu kabi Sirdaryo viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi tomonidan umumfoydalanuvdagi avtomobil yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida ikki mingdan ziyod yoʻl belgilari va koʻrsatkichlari oʻrnatildi.
Aholi punktlaridagi kesib oʻtish belgilanmagan joylarda qatnov qismini piyodalar kesib oʻtishini cheklash maqsadida maʼlum masofalarda panjaralar barpo etildi. Xavfsiz harakatlanishni taʼminlash maqsadida 6 kilometr piyodalar yoʻlaklari, 1 yarim kilometr masofada yoʻllarni yoritish ustunlari hamda ikkita yangi svetofor foydalanishga topshirildi.
Obod mahalla — obod koʻcha
Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal islohotlarning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri chekka-chekka hududlarda mahallalarni obod qilish, xalqimiz turmush darajasini yaxshilashdan iborat. Oʻtgan yili Sirdaryo viloyatidagi beshta mahalla ana shunday obodlikka yuz tutdi. Zamonaviy qiyofa, qulayliklarga ega boʻlayotgan mahallalarning ichki yoʻllarini taʼmirlash obodlikning eng muhim shartlaridan biri sifatida belgilangan. Bu shartni bajarish asnosida Guliston tumanidagi “Inoqlik” mahallasining 5 kilometr ichki yoʻllari asfaltlashtirildi, 1,3 kilometri betonlashtirildi, 7,7 kilometriga tosh-shagʻal yotqizildi. Shu mezonlar asosida Sayxunobod tumanidagi “Yangi hayot” mahallasining 6,5 kilometr, Oqoltin tumanidagi “Mustaqillik” mahallasining 1,5 kilometr ichki yoʻllariga asfalt qoplamasi yotqizildi. Endilikda ushbu mahallalarning aholisi uchun yoʻllar ravon, manzillar yaqin. Eng muhimi, yoʻllar va mahallalardagi bu hayotbaxsh oʻzgarishlar, obodlik aholining koʻngillariga koʻchayotir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring