Avtokredit uchun ham kredit taʼtili beriladimi?
arxiv foto
Bankdan avtokredit olganman. Banklar kredit taʼtili berishi toʻgʻrisida eʼlonlar chiqmoqda. Ushbu taʼtil menga ham tegishlimi? Foizlar toʻlovlari ham kechiktiriladimi? Agar kechiktirilsa, ularni keyin yigʻilgan foizlar bilan qaytarishim kerak boʻladimi? Ushbu savolga Markaziy bank departament direktori oʻrinbosari Akmal Nazarov javob berdi.
“Kredit toʻlovlarini kechiktirish boʻyicha amalga oshirilayotgan choralar koronavirus pandemiyasi natijasida moliyaviy qiyinchilikka uchragan ham jismoniy shaxslar, ham tadbirkorlik subyektlari uchun koʻzlangan.
Bir masalaga oydinlik kiritmoqchiman, tijorat banklari tomonidan kreditlar boʻyicha toʻlovlarni kechiktirish ikki formatda amalga oshirilmoqda.
Birinchisi. Prezidentimizning joriy yil 3-apreldagi PF-5678-sonli Farmoni asosida, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari boʻyicha toʻlovlarga 2020-yil 1-oktyabrga qadar kechiktirilishi hamda yakuniy toʻlovlar muddatlarini berilgan imtiyozli davrga mos ravishda uzaytirilishi belgilangan.
Ushbu Farmon bilan berilgan imtiyozlar aholi va tadbirkorlik subyektlarining qarz yukini keskin oshishiga yoʻl qoʻymaslikka va natijada ularning kredit yukini kamaytirishga imkon yaratdi.
Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlik subyektlari pul oqimlari foiz toʻlovlarini qoplash uchun yetmagan taqdirda foiz toʻlovlarini ham kechiktirish boʻyicha Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga tavsiyalar berildi.
Biroq, bu degani 6 oydan (2020-yil 1-oktyabrdan) keyin imtiyozli davrda yigʻilgan FOIZLAR BILAN BIRGA toʻlanadi degani emas. Yaʼni, imtiyozli davrda hisoblangan foiz toʻlovlari yakuniy toʻlovlar muddatlarini uzaytirilganini hisobga olgan holda, toʻlov jadvalining qolgan davriga teng ravishda taqsimlanadi.
Ikkinchisi. Xabaringiz bor, deyarli aksariyat (24 ta) tijorat banklari oʻz tashabbusiga koʻra jismoniy shaxslar kreditlari boʻyicha toʻlov muddatlarini bir tomonlama keyingi 2-3 oy muddatga avtomatik tarzda kechiktirish (kredit taʼtili berish) haqida maʼlum qildi.
Bu nima uchun qilindi? Karantin rejimiga toʻliq rioya qilish maqsadida mavjud 2,4 mln. qarzdor-jismoniy shaxslardan arizalarni qabul qilib olishga hamda ular bankka tashrif buyurishiga jismonan imkoniyat boʻlmagani sababli jismoniy shaxslarning kreditlari boʻyicha toʻlovlar 2-3 oyga avtomatik tarzda kechiktirilib berildi.
Albatta, “ushbu berilgan 2-3 oylik imtiyozli davr yakuni boʻyicha ham qarzdor-jismoniy shaxsning moliyaviy holati va pul oqimlari tiklanmasa, unda nima qilish kerak?” degan tabiy savol tugʻilishi mumkin.
Shu oʻrinda, bir masalaga ahamiyat berish muhim — bu degani qarzdor-jismoniy shaxslar 6 oylik imtiyozga murojaat qila olmaydi degani emas.
Yaʼni, ushbu berilgan 2-3 oylik imtiyozli davr yakunlanganidan soʻng qarzdor-jismoniy shaxsning moliyaviy holati va pul oqimlari tiklanmagan taqdirda, tijorat banklari oʻz ichki siyosati, moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib kreditlar boʻyicha toʻlovlarni yana qoʻshimcha davrga (2020-yil 1-oktyabrga qadar) kechiktirish masalasini koʻrib chiqishlari ham mumkin.
Yuqorida qayd etilganidek, bu degani 2-3 oydan keyin (avtomatik ravishda kredit taʼtili bergan davr yakunlanganidan soʻng) imtiyozli davrda yigʻilgan foizlar bilan birga toʻlanadi degani emas. Ushbu foiz toʻlovlari proporsional ravishda toʻlov jadvalining qolgan davriga taqsimlanadi.
Kredit boʻyicha toʻlov muddatlari kechiktirilgan davrda ham kreditdan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishi davom etadi va ushbu foizlar kechiktirilgan muddat tugaganidan soʻng toʻlanishi lozim.
Shuning uchun, kelgusida qarz miqdorining oshib ketishini oldini olish maqsadida joriy davr uchun kredit boʻyicha toʻlovni amalga oshirishga moliyaviy imkoniyati boʻlgan qarzdorlar oʻz kreditlarini kredit shartnomalarida belgilangan muddatlarda soʻndirishni davom ettirishlari mumkin”, deydi Nazarov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring