Avtohalokat sabab shifoxonaga yotqizilgan 5 yoshli bola jarrohlik amaliyotidan muvaffaqiyatli oʻtkazilgani aytildi
Foto: SSV matbuot xizmati
Joriy yilning 8-mart kuni poytaxtimizning Chilonzor tumanida avtobus piyodalarni urib yuborishi oqibatida bir kishi halok boʻlgani haqida xabar tarqaldi.
Maʼlum boʻlishicha, hodisa chamasi soat 11:30larda yuz bergan. 1996-yilda tugʻilgan haydovchi S.M. «MAN” rusumli avtobusni boshqarib ketayotib, piyodalar oʻtish joyida ikki kishini urib yuborgan. Oqibatda 1952-yilda tugʻilgan R.Z. tan jarohatlari sabab vafot etgan. 2017-yilda tugʻilgan R.Ya. esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.
Shundan soʻng bemor zudlik bilan bosh miya, boʻyin, koʻkrak va bel umurtqa pogʻonasi, koʻkrak qafasi, qorin boʻshligʻi aʼzolari MSKT hamda qorin boʻshligʻi va koʻkrak qafasi aʼzolari ultratovush tekshiruvlaridan oʻtkazilgan.
Natijada unga «Avtotravma. Qoʻshma jarohat. Bosh miya yopiq jarohati va chayqalishi. Qorin boʻshligʻining yopiq jarohati. Qora taloq yorilishi. Koʻkrak qafasi yopiq jarohati. Oʻng oʻpkaning lat yeyishi. Bosh ensa sohasining ezilib yirtilishi» kabi dastlabki tashxis qoʻyilgan. Tibbiy koʻrsatma va standartlarga muvofiq bemorda zudlik bilan bir necha turdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilgan.
Shifokorlarning saʼy-harakatlari natijasida operatsiya muvaffaqiyatli oʻtkazilgan.
Koʻrilgan tezkor davo choralari sababli ayni paytda bemorning umumiy ahvoli yaxshilanib, unda ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring