Avlodlar oʻrtasidagi samimiyat rishtasi

14:48 10 Oktyabr 2022 Jamiyat
675 0

Foto: Xalq so‘zi

Navoiy viloyati Karmana tumani Argʻun mahallasida umrguzaronlik qilayotgan Himmatullo bobo Rahmatov 85 yoshni qarshi oldi. Umrining 47 yilini tumandagi 5-maktabda yoshlarga taʼlim berishga bagʻishlagan. Bogʻlanib qolgan ekan chogʻi, qadrdon maktabidan hamon koʻngil uzolmaydi. Biror bahona topib, haftasiga kamida bir bor keladi.

— Maktabning kutubxonasidan kitob olaman, — deydi Himmatullo Rahmatov.  — Oʻqib tugatgach, shu maktabdagi kitobxon oʻquvchilar bilan muhokama qilaman. Keyin yana yangisini olaman.

Aytganimizdek, Himmatullo boboga kitob bir bahona - maktabning oʻqituvchilari, oʻquvchilari bilan suhbat qurib, tizimdagi yangilik, maktabdagi oʻzgarishlardan dili yayraydi. Oʻzini jamiyatning faol aʼzosi sifatida his etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq har yili yurtimizda “Keksalar haftaligi” oʻtkazilishidan koʻzlangan maqsad ham aslida shu –yoshi ulugʻ avlodni faollikka jalb etish orqali ularga mehr va oqibat koʻrsatish, boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanishdan iboratdir.

— Keksalar oʻzbekona qadriyatlarimizni, urf-odatlarimizni, oila uchun qadrli va tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan munosabatlarni yosh avlodga yetkazuvchi va ular ongiga singdiruvchi insonlar, — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi raisi Faxriddin Soliyev. — Shu bilan birga keksa avlod birgina shirin soʻz, jindek eʼtiborning sadagʻasi. Tabiiyki, bu ehtirom mamlakatimizda haftalik doirasidagina emas, doimiy ravishda koʻrsatilmoqda. Taʼkidlash joiz, jamiyatda nuroniylarga koʻrsatilayotgan ehtirom, albatta, oʻsha avlodning oʻziga keyingi avlod tomonidan qaytadi.

Haftalik doirasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi tomonidan keksa avlod vakillari holidan xabar olindi. Ularning boy hayotiy tajribalaridan keng foydalanishga qaratilgan bir qator maʼnaviy-maʼrifiy hamda sport tadbirlarni oʻtkazildi. Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlariga sayohat, yurtimizdagi muqaddas qadamjolarga ziyoratlari tashkil etildi. Bir piyola choy ustida samimiy suhbatlar uyushtirilib, otaxonu onaxonlar shu kunlarga yetkazganiga samimiy shukronalar bildirishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер