Aviachipta sotishda eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolmoqda. “UZBEKISTAN AIRWAYS” aksiyadorlik jamiyatiga senator soʻrovi yuborildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi “Byurokratik toʻsiqlarni yana-da qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi davlat organlarida eskirgan byurokratik usullarda ish yuritish, shu jumladan, hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish darajasini yangi bosqichga koʻtardi.
Biroq aholi bilan muloqotlar, joylardagi oʻrganishlar, tarmoqqa oid qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotining tahlili “UZBEKISTAN AIRWAYS” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli aviakassalar faoliyatida, ayniqsa, aviachipta sotishda eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Xususan, “Oʼzbekiston havo yoʼllari” aviakompaniyasining 2015-yil 25-oktyabrdagi 75-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Yoʻriqnomaning eskirgani, undagi tegishli normalarning takomillashtirilmagani fuqarolar uchun oʻrinsiz, mantiqsiz toʻsiqlarni yuzaga keltirmoqda.
Mazkur Yoʻriqnomaning 3.1 bandiga muvofiq, agar fuqarolarimiz “UZBEKISTAN AIRWAYS«ga qarashli kassalardan oʻz yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi boʻlishsa, ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinmoqda. Aks holda fuqarolarga aviachipta sotilmayapti. Oqibatda bu holat, ayniqsa, yaqinlari boshqa viloyatlarda yashayotganlar uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda va yoʻlovchilarning haqli eʼtirozlari kundan-kunga koʻpaymoqda.
Biroq “UZBEKISTAN AIRWAYS” aksiyadorlik jamiyatining “uzairways.online” sayti orqali onlayn tarzda fuqarolik pasportining seriya raqami va amal qilish muddatlarini koʻrsatgan holda aviachiptani qonuniy asoslarda sotib olish imkoniyati mavjud.
Yuqoridagilarni inobatga olib hamda mamlakatimiz aholisini ortiqcha va sunʼiy toʻsiqlardan, sansalorlikdan xalos qilish, shuningdek, aviachiptalar savdosidagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q.Burxanov “UZBEKISTAN AIRWAYS” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi I.Maxkamovga senator soʻrovi yubordi.
Unda “Oʼzbekiston havo yoʼllari” aviakompaniyasining 2015-yil 25-oktyabrdagi 75-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Yoʻriqnomaga aviachiptalar sotib olish boʻyicha belgilangan talablarni soddalashtirishga qaratilgan tegishli oʻzgartishlar kiritish choralarini koʻrish va natijasi yuzasidan maʼlumotlar taqdim etish soʻralgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring