Avariya sababli 4 000 dan ortiq odam oʻlyapti — Prezident

17:19 21 Oktyabr 2023 Siyosat
306 0

Kechagi videoselektor yigʻilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev yoʻllarimizdagi harakat xavfsizligi bilan bogʻliq vaziyat ancha ayanchli ahvolda ekanini koʻrsatib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yoʻl-transport hodisalari oqibatida oʻlim va jarohatlanish holatlari koʻpligini, tegishli rahbarlar bunga loqayd boʻlib oʻtirganini jiddiy tanqid qildi.

“Yoshlar oʻlyapti, 4000 ta, 4200 ta odam avariyadan oʻlyapti. Bekordan bekor. Sen ham, transport vaziri boʻla turib, shunga befarq boʻlmasdan, Prezident qabul qilgan qarorini, svetoforlarni joy-joyiga qoʻyishga masʼulmisan, yoʻqmi? Nimaga odamlar oʻlishi kerak chorrahalar toʻgʻirlanmagani uchun?» — deya savol qoʻydi Prezident transport vaziriga.

Masʼullarning qoniqarsiz faoliyatiga deputatlarimiz befarq boʻlib oʻtirgani ham afsus bilan qayd etildi.

“Nimaga Prezident tashvish qilib, hammani ”yondirishi“ kerak? Nimaga sizlar (deputatlar) ”yonmaysizlar“? Shuncha odam oʻlib ketyapti, ijtimoiy tarmoqlarga qarab boʻlmaydi — dod-faryod odamlar oʻlgani uchun. Ijtimoiy tarmoq degani — xalqni ovozi degani”, — dedi davlatimiz rahbari.

Prezident misol sifatida Xitoy poytaxti Pekin va Rossiya poytaxti Moskvadek yirik shaharlarda tirbandlik deyarli kuzatilmasligini tilga oldi, bizda ham shunga intilish shartligini koʻrsatib oʻtdi.

Umuman, transport vaziri va boshqa mutasaddilarga jamoat transportini rivojlantirish, svetoforlar va yoʻl chiziqlarini oʻrnatish, tirbandlikning oldini olish, poytaxt koʻchalari va hududlardagi yoʻllarni tartibga solish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish topshirildi. 2024-yil bu borada jiddiy oʻzgarishlar yili boʻlishini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер