Auditorlik xizmati yangi bosqichga koʻtarilmoqda
Yaqinda Prezidentimiz tomonidan “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi. Bu qonun bilan auditorlik xizmati koʻrsatishning yangicha tartib va tamoyillari belgilandi. Eng muhimi, Qonuning 5-moddasida auditor taxminlarga asoslanib fikr bildirishdan holi boʻlishi va oʻzining obroʻsini tushiradigan faktlarga yoʻl qoʻymasligi, auditorlik tashkiloti mustaqilligiga monelik qiladigan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, auditorlik xizmatlari koʻrsatishni rad etish Qonun bilan mustahkamlab qoʻyildi.
Bu Qonun orqali auditorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari ham belgilab qoʻyildi. Jumladan, auditorlik faoliyatini va auditorlik xizmatlari bozoridagi halol raqobatni ilgʻor xalqaro amaliyot asosida rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, auditorlik tekshiruvlarining oʻrnini, ahamiyatini va koʻrsatilayotgan auditorlik xizmatlari sifati uchun auditorlik tashkilotlarining javobgarligi oshirildi.
Shuningdek auditorlarni kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, auditorlik tashkilotlari ishini sifatini tashqi nazorat qilish tizimini shakllantirish, yoshlarni auditorlik kasbiga jalb etish va kasbga oid auditorlarning respublika jamoat birlashmalarining tegishli oliy taʼlim tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilishni taʼminlash belgilangani ayni muddao boʻldi.
Bir soʻz bilan aytganda, Qonunda auditorlik tashkilotlarining faoliyatiga aralashishga va auditorlik tashkilotiga, shuningdek uning xodimlariga qanday shaklda boʻlmasin taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmasligi mustahkamlab qoʻyilgani bu sohani yangi bosqichga koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring