Atom energiyasidan foydalanish qonun bilan tartibga solinadi

17:56 19 Sentyabr 2018 Siyosat
2407 0
Illyustrativ foto

«Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida"gi Qonun loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 iyuldagi Farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“Oʻzatom” agentligi) tashkil etilgan.

Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilgan. Yadro materiallari, qurilmalari va saqlash punktlari — oborot qobiliyati cheklangan obyektlar. Ularning mulkdori yo davlat, yoxud Prezident tomonidan tasdiqlangan roʻyxatdagi yuridik shaxs boʻladi. Yadro materiallariga boʻlgan mulk huquqini faqat davlat rahbari bilan kelishuvga koʻra xorijiy davlat yoki kompaniyaga berish mumkin.

Atom energetikasini tartibga solish sohasidagi vakolat chegaralanadi. Qonun loyihasida Prezident, Vazirlar Mahkamasi, “Oʻzatom” agentligi va davlat boshqaruvi organlarining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatlari keltirilgan. Masalan, davlat rahbari mulkida yadro materiallari va qurilmalari boʻlishiga ruxsat etilgan tashkilotlar roʻyxatini tasdiqlash bilan bir qatorda: yadro qurilmalari va saqlash punktlarini joylashtirish joyi; ularni loyihalash, barpo etish va foydalanish; mamlakatga yangi yadro yoqilgʻisini olib kirish va ishlatilganini olib chiqish va h.k. toʻgʻrisidagi strategik qarorlarni ham qabul qiladi.

Hukumatga jarayonning barcha ishtirokchilarini muvofiqlashtiruvchi bogʻlovchi boʻgʻin vazifasi yuklatilgan. “Oʻzatom” agentligi — atom energetikasi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi koʻproq amaliy tusdagi vazifalarni hal qiladi. Boshqa davlat organlari unga bogʻliq boʻlgan funksiyalarni (ekspertizadan oʻtkazish, obyektlarni fizik jihatdan himoya qilish, ekologiyani muhofaza qilish, avariyalarning oqibatlarini tugatish va h.k.) bajaradilar.

Sohani davlat tomonidan tartibga solish yadro obyektlarini litsenziyalash, davlat tomonidan nazorat qilish, texnik tartibga solish, xavfsizligini vaqti-vaqti bilan baholash va soha xodimlariga qoʻyiladigan alohida talablarda aks etadi.

Xususan, qonun loyihasiga koʻra “Sanoatgeokontexnazorat” DI quyidagilarga litsenziyalar beradi:

yadro qurilmalari va saqlash punktlarini joylashtirish, barpo etish, foydalanish va foydalanishdan chiqarish;
yadro materiallari va radioaktiv moddalar bilan muomala qilish;
yadro qurilmalari va saqlash punktlarining loyihasini va konstruksiyasini ishlash;
yadro qurilmalari va saqlash punktlari uchun uskunalarning konstruksiyasini ishlash va tayyorlash;
atom energiyasidan foydalanish obyektlari va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat turlari xavfsizligini ekspertizadan (xavfsizligi asosini ekspertizadan) oʻtkazish;
atom energetikasi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini oʻtkazishda yadro materiallari va (yoki) radioaktiv moddalardan foydalanish.
Atom energetikasi obyektlaridan foydalanish tartibi, yadro qurilmasi, saqlash punktlarini joylashtirish va barpo etish, ularni fizik jihatdan himoya qilish tartibi alohida belgilangan. Yadro qurilmasi va saqlash punkti xavfsizligi, yadro materiallari va radioaktiv moddalar bilan lozim darajada muomala qilish uchun toʻliq javobgarlikni foydalanuvchi tashkilot zimmasiga yuklash taklif etilmoqda. Bu milliy qonunchilikka muvofiq obyektni boshqarish uchun tuzilgan maxsus tashkilotdir.

Yadro materiallari, radioaktiv moddalar va chiqindilar bilan muomala qilish jarayonida davlat hisobi va nazorati, olib kirish, olib chiqish, tashish, saqlash va koʻmishning alohida qoidalari amal qiladi.

Hujjatni ishlab chiquvchilar radiatsion taʼsir sababli yetkazilgan zarar va ziyon uchun javobgarlik masalalarini eʼtibordan chetda qoldirmadilar. U foydalanuvchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi. Fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan ziyon, shuningdek radiatsion taʼsir koʻrsatishdan zararlar qoplanadi. Alohida olingan insident boʻyicha javobgarlikning eng yuqori chegaralari mamlakatimizning xalqaro shartnomalarida belgilanganidan koʻp boʻlishi mumkin emas.

Atom energetikasi sohasidagi qonunbuzarliklar va ularni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortiladigan vakolatli organlarning mansabdor shaxslari roʻyxati alohida keltirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер